09:56 / 17.01.2023
3173

«Qatargeyt»dan keyin Yevroparlamentda islohotlar rejasi taqdim etildi

Metsola Yevroparlament sobiq vitse-prezidenti Kayli bilan bog‘liq korrupsiya mojarosidan keyin islohot loyihasini taqdim etdi. YeP «Yevropa fuqarolarining ishonchini tiklashi kerak», dedi Metsola.

Foto: DW

Yevroparlament (YeP) raisi Roberta Metsola «Qatargeyt» deb nomlangan, YeP raisi sobiq o‘rinbosari Yeva Kayli bilan bog‘liq korrupsiya mojarosidan so‘ng islohotlar loyihasini taqdim etdi. Metsola 16 yanvar, dushanba kuni Strasburgdagi yalpi majlisda so‘zga chiqdi.

«Fuqarolar haqli ravishda javobgarlik va halollikni talab qilyapti», dedi Metsola va Yevroparlament Yevropa fuqarolarining ishonchini qaytarishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Uning bildirgan takliflari orasida Yevropa Ittifoqi qonunchiligida lobbichilik qilayotgan sobiq deputatlar uchun qattiqroq qoidalar ham bor, deya xabar beradi dpa. Bundan tashqari, qonun chiqaruvchilarning uchinchi shaxslar bilan har qanday uchrashuvlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar bunday aloqalardan keyin biron bir qaror qabul qilinsa yoki hisobotlar tayyorlansa, jamoatchilikka e’lon qilinishi kerak.

Shuningdek, AFP agentligining ta’kidlashicha, Yevroparlament deputatlari tomonidan olingan sovg‘alar va ular o‘zlari moliyalashtirmaydigan sayohatlarning davlat reyestrini yaratish rejalashtirilgan.

Metsola tomonidan ilgari e’lon qilingan 14 banddan iborat reja uchinchi davlatlar bilan norasmiy «do‘stlik guruhlari»ni taqiqlashni talab qilgan. Bungacha ularning faoliyati mumkin deb hisoblangan - bu Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi mamlakatlar vakillari bilan fikr almashish uchun mo‘ljallangan. Ushbu guruhlar «ba’zan lobbichilar yoki xorijiy hukumatlar tomonidan moliyalashtiriladi» va Yevropa parlamentining rasmiy organlari emas, deya ma’lum qildi Yevropa Ittifoqi qonun chiqaruvchi organi.

Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, ikki nafar Yevroparlament deputati: italiyalik Andrea Kotssolino va belgiyalik Mark Tarabellaning daxlsizligi olib tashlanadi. Yana ikki qonun chiqaruvchining daxlsizlikdan mahrum etilishi kutilmoqda, ammo bu «Qatargeyt» bilan emas, balki parlament yordamchilari uchun nafaqalar firibgarligi bilan bog‘liq.

2022 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Yevroparlament vitse-prezident Yeva Kayli lavozimidan chetlatildi. U qamoqqa olingan va Belgiya rasmiylari tomonidan jinoiy tashkilotga aloqadorlik, pul yuvish hamda korrupsiyada ayblangan to‘rtta gumonlanuvchidan biridir. 22 dekabr kuni Bryusseldagi birinchi instansiya sudi dastlabki tergov palatasi Kaylining hibsga olish muddatini bir oyga uzaytirdi.

Yevroparlamentda Kayli Qatardagi mehnat bozoridagi vaziyatni kuzatuvchi vakillardan biri bo‘lgan, u yerda huquq himoyachilari Osiyo va Afrikadan kelgan mehnat muhojirlari huquqlarining ko‘plab buzilishi holatlarini qayd etishgan. 2022 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati boshlanishidan biroz oldin Kayli Qatar mehnat vaziri bilan uchrashdi va 22 noyabr kuni YePda so‘zga chiqib, Qatardagi mehnat bozori islohotiga ijobiy baho berib, uni «arab dunyosini ilhomlantiradi» deb atadi.

Belgiyadagi sud tizimidan bo‘lgan manbaga ko‘ra, Kaylining Bryusseldagi kvartirasidan banknotalar bilan to‘ldirilgan, ichida 150 ming yevro aniqlangan sumkalar topilgan.

Belgiyada tergov natijasida 2022 yil 9-12 dekabr kunlari, jumladan, Bryusseldagi Yevropa parlamentida 20 ta tintuv o‘tkazildi.

Mavzuga oid
Top