Jahon | 12:37 / 10.10.2025
2026
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament RF dronlarini YeI uzra urib tushirishni qo‘llab-quvvatladi

Yevroparlament Yevropa Ittifoqining Rossiya uchuvchisiz uchoqlari tomonidan havo hududining buzilishiga qarshi, shu jumladan, bunday nishonlarni yo‘q qilish orqali muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar bo‘yicha rezolyutsiyasini olqishladi.

Foto: Viacheslav Madiievskyi/Ukrinform/ABACA/picture alliance

Yevropa Ittifoqi infratuzilmasini nishonga olgan va uning xavfsizligiga putur yetkazuvchi Rossiya provokatsiyalaridan o‘zini himoya qilish uchun Yevropa Ittifoqi muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rishi, mudofaasini kuchaytirishi va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishi kerak. Bu haqda Yevroparlament 9 oktyabr, payshanba kuni qabul qilgan rezolyutsiyada aytiladi. Yevroparlament deputatlarining 469 nafari ushbu hujjatni yoqlab, 97 nafari qarshi ovoz bergan, 38 nafari esa betaraf qolgan.

YeP veb-saytida ta’kidlanganidek, Yevroparlament deputatlari Rossiyaning Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo davlatlar Polsha, Estoniya, Latviya, Litva va Ruminiya havo hududini buzishdagi «o‘ylamasdan va keskinlashtiruvchi harakatlari»ni keskin qoraladi.

Shu bilan birga, ular Daniya, Shvetsiya va Norvegiyadagi muhim infratuzilmalarga qarshi dronlardan maqsadli foydalanishni tanqid qildi. Yevroparlament deputatlari bu harakatlarni «Rossiyaning tizimli harbiy va gibrid urushining bir qismi» va «Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarga qarshi provokatsiya» deb atadi. YeP rezolyutsiyasida aytilishicha, Rossiya Polsha, Estoniya va Ruminiya havo kengliklarida uchuvchisiz uchoqlar bilan sodir bo‘lgan hodisalar uchun «shubhasiz va hech qanday shart-sharoitsiz» javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

Shu bilan birga, hujjatda Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarga «o‘z havo kengliklarining har qanday buzilishiga, shu jumladan havo nishonlarini urib tushirishga qarshi muvofiqlashtirilgan, yagona va mutanosib choralar ko‘rish» imkonini beradigan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bildiriladi.

Yevroparlament deputatlari, shuningdek, «dron devori» deb ataluvchi konsepsiyani va sharqiy qanotda «qalqon» yaratish tashabbusini olqishladi. Shu bilan birga, ular janubiy qanotda xavfsizlik muammolariga duch kelayotgan Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlarni har tomonlama himoya qilishni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid