Jahon | 13:22 / 14.11.2025
817
4 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament YeIning ta’minot zanjirlari bo‘yicha qoidalarini yumshatdi

Xristian-demokratlar va o‘ng partiyalar vakillaridan iborat ko‘pchilik Yevroparlamentda kompaniyalar uchun ta’minot zanjirlari bo‘yicha qo‘yilgan talablarni yumshatish uchun ovoz berdi. «Yashillar» bu qarorni qattiq tanqid qildi.

Foto: Ardan Fuessmann/Eibner-Pressefoto/picture alliance

Yevroparlamentda xristian-demokratlar va o‘ng partiyalar vakillaridan iborat ko‘pchilik YeIning ta’minot zanjirlari bo‘yicha direktivasini yumshatish tarafdori bo‘ldi. Deputatlar 13 noyabr kuni kompaniyalarining katta qismini hisobot berish majburiyatlaridan ozod qiladigan qonun loyihasi uchun, kompaniyalar va ayrim davlatlar tomonidan uzoq davom etgan bosimdan so‘ng, ovoz berdi. «Yashillar» ovoz berish natijasiga keskin reaksiya bildirdi.

Yevroparlamentdagi «yashillar» fraksiyasi hamraisi Terri Rayntkening ta’kidlashicha, Yevropa xalq partiyasi fraksiyasi rahbari Manfred Veber «tabu hisoblangan qadam» tashlab, o‘ta o‘ng partiyalar bilan birlashdi, bu esa, uning so‘zlariga ko‘ra, «bunday amaliyotni me’yorga aylantiradigan pretsedent» yaratadi. Shu bilan birga, biznes tomonidan ijobiy fikr-mulohazalar kelib tushdi.

Ta’minot zanjirlarini nazorat qilish bo‘yicha kompaniyalarga qo‘yiladigan talablar milliy hamda Yevropa darajasida ham bahslarga sabab bo‘lib kelmoqda. Berlindagi hukumat sentabr oyida milliy ta’minot zanjirlari to‘g‘risidagi qonunni yumshatishni ma’qulladi. GFR kansleri Fridrix Mers Yevropa miqyosidagi tartibga solishni ham soddalashtirishga chaqirgan edi.

Shu sababli Mers 23 oktyabr kuni Yevroparlament birinchi ovozda YeK taqdim etgan YeI ta’minot zanjirlari direktivasini isloh qilish (taklif etilgan Omnibus-Gesetz) rejasini rad etganini keskin tanqid ostiga oldi. U buni «fatal xatolik» deb atadi va uni to‘g‘rilashni talab qildi.

Biroq Yevroparlamentdagi markazchi fraksiyalar yagona pozitsiya ishlab chiqa olmadi. Natijada Yevropa xalq partiyasi o‘z variantini ochiq ovozga qo‘ydi va uni o‘ta o‘ng kuchlar qo‘llab-quvvatladi.

2024 yilda qabul qilingan direktiva kompaniyalarni o‘z ta’minot zanjirlarida inson huquqlari va ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklarni bartaraf etishga majbur qiladi. Unga rioya qilinmagan taqdirda, aylanma hajmining besh foizigacha jarima ko‘zda tutilgan. Bu qonun YeIning «yashil» siyosiy kun tartibidagi eng bahsli elementlardan biri edi.

AQSh va Qatar ushbu qoidalarni o‘zgartirishni talab qilib, ular gaz yetkazib berishni xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. TotalEnergies kabi Yevropa konsernlari esa direktivani butunlay bekor qilish tarafdori bo‘lgan.

Yangilangan loyihaga ko‘ra, biznesning barqarorlikka oid majburiyatlari endi faqat kamida 5000 nafar xodimga va 1,5 mlrd yevro aylanmaga ega kompaniyalarga tatbiq etiladi. Avvalgi chegara esa 1000 nafar xodim va 450 mln yevro aylanmadan boshlanardi.

Loyihadan, shuningdek, iqlimni himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish rejalarini taqdim etish majburiyati ham chiqarib tashlangan. Endi Yevropa parlamenti qonun matnining yakuniy variantini YeIga a’zo davlatlar bilan kelishib olishi kerak.

Germaniya sanoati federal uyushmasi (BDI) Yevroparlament qaroriga ijobiy baho berdi. BDI boshqaruvi a’zosi Volfgang Niderman Omnibus I qabul qilinishi «Yevropaning raqobatbardoshligi uchun yaxshi signal» ekanini ta’kidladi. Biroq u ko‘pchilik ovoz markazchi partiyalar hisobiga emas, boshqa kuchlar hisobiga ta’minlanganidan afsusda ekanini aytdi.

BDI, shuningdek, dastlab rejalashtirilgan iqlimga oid talablarning loyihadan chiqarib tashlangani va yangi javobgarlik talablari kiritilmaganini ham ijobiy baholadi. Uyushmaga ko‘ra, bu Yevropa kompaniyalari uchun yukni kamaytiradi, biroq ularning iqlimni himoya qilish borasidagi ambitsiyalarini pasaytirmaydi.

Mavzuga oid