16:41 / 18.01.2023
10261
12 ming tonna qum-tuz, yarim tungacha ish  – yo‘llar qordan qanday tozalanyapti?

10 yanvar kuni yog‘gan qor transportlar va piyodalar qatnovini qiyinlashtirdi. Bunday vaziyatda -20 daraja sovuqda ham kun bo‘yi qor supurgan, muzlarni sindirib ko‘chalarni tozalayotgan obodonlashtirish xodimlarining o‘rni bo‘lakcha. Kun.uz qishning ko‘k nimchali jonkuyarlariga mikrofon tutdi.

Chindan ham poytaxt 10 yildan beri ko‘p miqdorda yog‘gan qorni ko‘rmagandi. Bu transportlar va piyodalar qatnovini sekinlashtirdi. Vaziyatni obodonlashtirish xodimlarining mehnati oz bo‘lsa-da yaxshiladi desak xato bo‘lmaydi. Yo‘llarni qordan tozalash ishlari qanday ketayotgani haqida Mirobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘ofurxo‘ja Jonxo‘jayev gapirib berdi. Uning aytishicha, tumandagi yo‘llarni eritish uchun 400 tonna qum, 250 tonna tuz sepib chiqilgan. Yana taxminan 200 tonna aralashma tayyorlanyapti. Agar mana shu sepilgan tuz va qumlar vaqtida yig‘ishtirib olinmasa, yer qurigach, tepaga ko‘tarilib, daraxtlarni quritadi. Odamlarda allergiyani keltirib chiqaradi.

«Hozir Nukus ko‘chasida joylashgan yashil maydon va ariqlarni tozalaymiz. Bu ariqlardagi qorni ko‘chirib chiqarib olmasak, yo‘ldan oqib kelgan suv yashil maydonga tushadi. Bu erigan suvda juda ham ko‘p tuz bor. Shu tuz yashil maydon, daraxtlar va gullar qurishiga olib keladi. Shuning uchun kechki smenada ham ishlayapmiz. Hozir asosan suv ketadigan latoklarni ochib olishimiz kerak”, – deydi Jonxo‘jayev.

Obodonlashtirish xodimi bunday qorni 7-8 yildan beri ko‘rmaganini aytadi.

«Ancha vaqtdan beri qor yog‘may kelayotgandi. Shuning uchun bunaqa qorni kutmagandik va juda kuchli tayyorgarlik ko‘rmagandik, haqiqatan qiynalib qoldik. Zaxiralarimizni ham yetkaza olmadik. Hokimlik yetkazib, qarashib turdi», – deydi u.

Qordan tozalash qanday tartibda tashkil qilinganini tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Doston Ahmedov tushuntirib berdi.

«Katta yo‘llar va piyodalar yuradigan yo‘llarni tozalab boryapmiz. Mirobod tumanida 3 smenali: 7:00–15:00, 12:00– 20:00, va 17:00dan tonggi 5gacha ish tashkil qilganmiz. Birinchi qor yog‘gan vaqti qor kurab tozalab olinadi. Ko‘p qor yog‘ganida tozalashga ulgurmasak, qum-tuz aralashmasi sepilib, sal yumshagandan keyin kurab olib chiqib tashlanadi», – deydi xodim.

Ahmedovning aytishicha, yig‘ilgan toza qorlar, suv havzalari oqib ketadigan joyga, muzlagan tuzli qorlar O‘rtasaroydagi chiqindixonaga olib borib tashlanadi.

Ishchilarning aytishicha, -20 darajadan o‘tgan kunlari kechqurun ham ishlashga to‘g‘ri kelgan.

«Sovuqda hokimiyat tomonidan qo‘lqop etiklar, issiq ovqat ham berib turishibdi. O‘zim 1 yildan beri shu yerda ishlayman. Ish vaqtim ertalab 8dan boshlanadi. 1 mln 800 ming oylik olaman. Bu o‘zimga yetib turibdi», – deydi obodonlashtirish xodimi Umriniso Mirsaidova.

Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasining Kun.uz’ga ma’lumot berishicha, poytaxt ko‘chalaridagi muzlamalarni eritish uchun tuz va qum aralashmasi sepib chiqilyapti. Shunday aralashmadan hozirgacha 12 ming tonnadan ortiq sepilgan. Qorlarni tozalash uchun 200ga yaqin maxsus texnikalar, 5200dan ortiq ishchi xodimlar safarbar qilingan.

G‘ofurxo‘ja Jonxo‘jayev shunday sovuq kunlarda homiylar ko‘payib qolgani va xodimlarga yeguliklar tarqatishgani ishchilar joniga ora kirayotganini ta’kidladi.

«Qo‘limda 520 nafar odamim bor. Tuman hokimligi tomonidan 70-80 foizi issiq ovqat qilib berishyapti. Undan tashqari homiylar ham keladi. Kechqurun 2gacha ishlayapmiz. Kecha bir oila 20 nafar odamga o‘zlari ovqat tayyorlab olib kelib berishdi. Kechasi 12da hamma ham bunaqa narsa qilib kelmasa kerak», – deydi u.

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Operator va montaj ustasi – Javohir G‘ayratov.

Mavzuga oid
Top