Shavkat Mirziyoyev mahallla va ko‘chalarda ozodalik talablariga rioya etilmayotganini tanqid qilib, butun respublikada tozalik va ozodalik oyligini e’lon qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

«Mahallaning ozodaligi shu yerda yashayotgan aholi, “mahalla yettiligi”, hokimning “yuzi”. Shunday bo‘lsa-da, ayrim mahallalar, ko‘chalar, qurilishlar atrofi, ariqlar, xiyobonlarda ozodalik talablariga rioya etilmayapti. Shu bois, butun respublikada tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinadi»,  dedi davlat rahbari.

Har bir tuman va shahar hokimi ko‘chasi, yo‘li, arig‘i, xiyobonini tartibga keltirib, doimo ozoda tutishi shartligi qayd etildi.

Obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga bugunoq 24 soat ishlaydigan brigadalar tashkil qilib, ko‘cha, xonadon, ko‘p qavatli uy, ijtimoiy obektlar atrofini tozalash topshirildi. «Toza hudud» korxonalariga qarashli maxsus texnikalar ham bunga to‘liq safarbar qilinadi.

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga chiqindi tashlaganlik uchun jarima qo‘llash vakolati berilgani qayd etilib, ularga joylarga chiqib, shahar va tuman markazlarida kunlik nazorat o‘rnatish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, mahallalar aholisi o‘zlari daraxt ekib, parvarish qilishga, yashil hududlarni ko‘paytirishga tayyor. Lekin birorta hokim yoki mahalla raisi tayinli joyni ko‘rsatib bermayapti.

Endilikda «yettilik», mahalla aholisi yashil hudud qilish tashabbusi bilan chiqsa, tuman hokimi 10 sotixgacha yer maydoni ajratib beradi. Hokimlar va «yettilik» buning ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi, bu yerlar boshqa maqsadlarga beriladigan bo‘lsa, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘lishi haqida ogohlantirildi.

Bosh prokuraturaga boshqa maqsadlar uchun berib yuborilgan yashil hudud, sport maydonchasi, bolalar o‘yingohlarini joyiga qaytarish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. To‘rt oy ichida 20 gektar yashil hudud, 107 ta sport maydonchasi va bolalar o‘yingohi tiklandi.

Prezident bunday joylarning barchasi joy-joyiga qo‘yilmaguncha ishni davom ettirish vazifasini qo‘ydi.

Davlat rahbari «yettilik» ish vaqtining yarmini turli majlis va tadbirlarda o‘tkazayotganini ko‘rsatib o‘tdi. 

Yoki «yettilik» xodimlarining aniq vazifalari va KPI belgilangani bilan mahalladagi umumiy natijadorlikni baholaydigan tizim yo‘q.