14:09 / 18.01.2023
16566

Eng katta xonlik poytaxti bo‘lgan shahar – Qo‘qon | Manzil

Markaziy Osiyodagi eng katta xonlikning poytaxti bo‘lgan Qo‘qon shahri mahalliy sayyohlarmiz orasida unchalik ham ommalashmagan. O‘z vaqtida hozirgi Qozog‘istonning Turkistonidan Xitoyning Qashg‘arigacha cho‘zilgan ulkan davlatning markazi sanalgan shaharda hozirda qanday o‘ziga xosliklar bor? “Manzil” loyihasi shamollar o‘lkasi bo‘lmish Qo‘qon shahrida.

Qo‘qon – geografik qulay yerda joylashgani, ya’ni muhim tranzit nuqtasi bo‘lgani sabab uzoq davrlardan buyon gavjum shahar bo‘lib keladi. Ko‘plab manbalarda keltirilishicha, shahar 2 ming yillik tarixga ega.

Qo‘qon xonligi. Avvalo xonlikning tashkil topishi va tarixiga ozgina to‘xtalsak.

Ashtarxoniylar boshqaruvida bo‘lgan Buxoro amirligidagi siyosiy tushkunlikdan foydalangan Chodak xo‘jalari qo‘zg‘olon ko‘tarib, Farg‘ona vodiysi boshqaruvini qo‘lga olishadi. Lekin mustaqil bo‘la olishmaydi. Minglar urug‘idan bo‘lgan Shoxruhbiy ibn Ashur Muhammad Chodak xo‘jalaridan xokimiyatni tortib oladi va 1709 yilda Farg‘ona vodiysida minglar sulolasi hukmronligiga asos soladi.

Shunday qilib, Farg‘ona vodiysida markazi Qo‘qon shahri bo‘lgan mustaqil davlat paydo bo‘ladi. Avvalida davlat rahbarlari xon emas, biy unvoni bilan davlatni boshqarishgan. 1798 yilda Olimxon taxtga o‘tirganidan so‘ng u o‘ziga xon unvonini oladi va shundan so‘ng to Qo‘qon xonligi tugatilgunga qadar davlat rahbari xon unvoni bilan boshqargan.

Qo‘qon xonligi rivojlangan davr Norbo‘tabiy davridan boshlanadi. Qo‘qonda u tomonidan qurdirilgan va faoliyat yuritayotgan inshoot bor.

Qo‘qon xonligida adabiy muhit yaratgan va ayollar ham adabiyot bilan shug‘ullanishiga yo‘l ochib bergan Norbo‘tabiyning o‘g‘li Umarxon davriga to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. Davlatni adolat bilan boshqargani va insonlar mehrini qozongani sababli amir al-mo‘minin, ya’ni mo‘minlar amiri unvonini ham oladi. Hozirda sayyohlar e’tiborida bo‘lgan jome va madrasa Umarxon davrida qurilgan.

Hozirda Qo‘qondagi eng katta tarixiy obidalardan biri – Xudoyorxon o‘rdasi. Bu joy xonlik tugatilishidan ozgina avval qurilgan. Uni qurdirgan Xudoyorxon bu yerda juda kam muddat istiqomat qilgan xolos.

Afsuski, o‘rdaning katta qismi Rus imperiyasi xonlik yerlarini egallagandan so‘ng buzib yuborilgan.

Shahardagi rus imperiyasidan qolgan tarixiy binolar ham o‘ziga xos. Ularning aksari o‘sha paytdagi holatini deyarli yo‘qotmagan holda saqlangan.

Qo‘qonda hunarmandchilik qadimda ham, hozirda ham rivojlangan. Qo‘qon holvasini eshitgan bo‘lsangiz kerak, biz bu shirinlik tayyorlanish jarayoni bilan tanishdik.

Qo‘qonga qish kunlari keladigan bo‘lsangiz, eng yaxshi transport bu – poyezd, keyingisi mashina. Shaharga shu qadar qalin tuman tushadiki, ko‘rish darajasi juda pasayib ketadi.

Shaharga kelgan odam bu yerning me’morchiligidan, odamlaridan, muhitidan xonlik davri taftini ozgina bo‘lsa-da his qiladi. Bu hisni esa Qo‘qonga kelibgina tuyish mumkin.

Tohirjon Tursunov,

Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus

Top