18:51 / 21.01.2023
17609

670 ming kub metr tabiiy gazni o‘g‘irlash holatlari aniqlandi

Davlat va jamiyat manfaatiga yetkazilgan zarar 545 mln so‘mdan oshgan.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax viloyati, Zarbdor tuman bo‘limi tomonidan «Hududgaz Jizzax» korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshiruvda, fuqaro B.D. «Z.p» korxonasiga qarashli parrandachilik binosini hech qanday shartnoma va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz o‘zboshimchalik bilan yuqori bosimli gaz tarmog‘iga ulab, 376,9 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan. Oqibatda davlat va jamiyat manfaatlariga 248,8 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Departamentning Toshkent tuman bo‘limi tomonidan IIB, «O‘zneftegazinspeksiya» va tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «X» mahallasida yashovchi M.A. raqamsiz uyda joylashgan issiqxonani o‘zboshimchalik bilan gaz tarmog‘iga ulab, 154,9 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan. Oqibatda, davlat va jamiyat manfaatlariga 154,9 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan «Hududgaz Buxoro» Romitan tuman bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tekshiruvda, «R.t» korxonasi rahbari Z.A. issiqxonaning gaz tarmog‘i nazorat tamg‘asini buzib, 141,6 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan. Oqibatda, davlat va jamiyat manfaatlariga 141,6 mln so‘m zarar yetkazgan.

Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top