20:31 / 21.01.2023
33094

Samarqandda kelin-kuyovning o‘limi yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi

Tun yarmida gaz tarmoqdan uzilgan va qayta yoqilgan. Oqibatda, xonaga gaz sizib chiqqan va uyquda bo‘lgan kelin-kuyov zaharlanib vafot etgan.

Avvalroq Kun.uzʼda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yosh kelin-kuyov is gazidan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura matbuot kotibining xabar berishicha, hodisa yuzasidan bir qator tashkilotlarga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Hodisa 2023 yil 16 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on tumani Oltinsoy qishlog‘ida yashagan oilada sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda yozilishicha, kelin-kuyovning oila qurganiga hali bir oy ham bo‘lmagan.

Ma’lum qilinishicha, 26 yoshli erkak va uning 18 yoshli turmush o‘rtog‘i yashash xonadonida is gazidan zaharlanib vafot etgan. 

Biroq marhumning yaqinlari Kattaqo‘rg‘on tumani IIB va tibbiyot birlashmasiga kelin-kuyov vafot etgani haqida xabar bermagan va ular dafn etilgan. 

Qayd etilishicha, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB, tuman hokimligi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda «Samarqand hududgaz» korxonasiga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

«Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan voqea joyi ko‘zdan kechirilib, marhumlarning o‘lim sabablariga aniqlik kiritilmoqda. Tekshirish harakatlari davom etmoqda», deyiladi xabarda.

Top