19:06 / 27.01.2023
80036

DXX Human.uz sayti rahbari va boshqalarning qo‘lga olinishi bo‘yicha ma’lumot berdi

Ma’lum qilinishicha, qo‘lga olinganlar Telegram'dagi “Kompromatuzb” va boshqa kanallar orqali qilingan tovlamachilik jinoyatlariga aloqadorlikda gumonlanyapti.

Foto: Kun.uz

Davlat xavfsizlik xizmati Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va boshqalarga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishi DXX tomonidan ochilgan va bunga fuqaro I.A.ning murojaati sabab bo‘lgan. Xurshid Daliyev va boshqalar Telegram'dagi “Kompromatuzb” va boshqa kanallar orqali qilingan jinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanyapti.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Tergov davomida protsess ishtirokchilari advokat bilan ta’minlangan. Tergov jarayonlarini olib borishda ularning qonun bilan belgilangan huquq va erkinliklari ta’minlanishi kafolatlanadi. Ushbu jarayon bilan bog‘liq ma’lumotlar doimiy ravishda e’lon qilinib boriladi”, – deyiladi DXX axborotida.

Rasmiy xabarda gumondorlar soniga va ularning mansabiga aniqlik kiritilmagan.

Qonunchilikka ko‘ra, mazkur modda bilan ayblanganlarning aybi tasdig‘ini topsa, aybdorlar 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Ayni paytda, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huquq organlarini mazkur vaziyatda amaldagi qonunchilikka rioya qilishga chaqirdi.

“Aniqlanishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqarolardan ushbu internet-nashrda ishlovchi xodimlar bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan. Ularga asosan, Toshkent viloyati Qibray tumani Universitet ko‘chasi 2-uyda tezkor tadbir tashkil etilgan. Tez orada batafsil ma’lumot berilishi ta’kidlandi.

Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Human.uz veb-sayti O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan internet tarmog‘i Reyestriga kiritilmagan va O‘zbekiston Respublikasi hududida undan foydalanilishiga cheklov qo‘yilmagan.

AOKA huquqni muhofaza qiluvchi organlarini Human.uz internet-nashri xodimlari bilan bog‘liq vaziyatda amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilinishiga hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklari ta’minlanishiga chaqiradi”, – deyiladi agentlik bayonotida.

Top