Qoraqalpog‘iston respublikasida soliq boshqarmasining ikki xodimi tadbirkordan pora olgani uchun ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, soliq boshqarmasining ikki nafar bosh inspektori Nukus shahrida oziq-ovqat mahsulotlari chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyatini tekshirish davomida, go‘yoki 213 million so‘mlik soliq qonunchiligi buzilgani aniqlanganini aytib, ushbu summani 34 million so‘mgacha kamaytirib berish evaziga MChJ rahbaridan 2 ming dollar talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, bosh inspektorlar tamagirlik yo‘li bilan 700 dollar va 15 million so‘m pulni o‘rtada vositachilik qilgan soliq idorasi sobiq xodimi orqali olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan uchala shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.