14:56 / 27.01.2023
13788

Isroilning G‘arbiy sohildagi reydida falastinliklar o‘ldirildi 

Falastin rasmiylariga ko‘ra, G‘arbiy sohildagi Jyenin shahrida Isroil harbiylari tomonidan islomiy jangarilarga qarshi uyushtirilgan reyd oqibatida 9 falastinlik, jumladan, keksa ayol halok bo‘ldi. 

Foto: Reuters

Isroil harbiylari Falastinning «Islom jihodi» guruhiga mansub «terrorchilar otryadi» yirik hujumining oldini olishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi. 

Isroil armiyasi vakillari operatsiya natijasida 3 jangari yo‘q qilingani, yana biri taslim bo‘lgani va hibsga olinganini ma’lum qildi. 

«Xavfsizlik kuchlari gumondorlar joylashgan binoni o‘rab olish uchun operatsiya o‘tkazdi. Ikki qurolli gumonlanuvchi qochishga harakat qildi va zararsizlantirildi», deyiladi Isroil Mudofaa armiyasi (TsAXAL) bayonotida. 

«Bino ichida bo‘lgan gumonlanuvchilardan biri xavfsizlik kuchlariga taslim bo‘ldi. TsAXAL askarlari gumonlanuvchilarda bo‘lgan ikkita portlovchi moslamani portlatish uchun binoga kirdi. Voqea joyida yana bir qurollangan gumondor ham bor edi. U zararsizlantirildi», deyiladi xabarda. 

TsAXAL jangarilarni Isroil tinch aholisi va askarlariga qarshi ko‘plab yirik terrorchilik hujumlarini rejalashtirish va amalga oshirishda faol ishtirok etganlikda aybladi. 

Harbiylarning so‘zlariga ko‘ra, reyd chog‘ida yana bir falastinlik jangari askarlarga qarata o‘t ochgan. Isroilliklar ham bunga javoban o‘t ochishgan va kimgadir jarohat yetkazishgan. TsAXAL qo‘shimcha qurbonlar bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlarni tekshirmoqda. 

Foto: Reuters

XAMAS va «Islomiy jihod» (Buyuk Britaniya, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Isroil va boshqa bir qator davlatlar ularni terrorchi tashkilotlar deb tan olgan) Isroil harbiylariga qarata o‘q uzgani va ularga qarshi qo‘lbola portlovchi qurilmalar qo‘llaganini tasdiqladi. 

G‘arbiy sohildagi tibbiy xizmatlar reydda to‘qqiz nafar falastinlik halok bo‘lgani va yana 20 nafari yaralangani, ulardan to‘rt nafarining ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qildi. 

Falastinning rasmiy Wafa axborot agentligi Isroil askarlarining Jyeninga kirishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan 7 nafar falastinlik yaralanganini ma’lum qildi. Shuningdek, isroilliklar Jyenin shahridagi turistik klub binosini butunlay vayron qilgan. 

Foto: Reuters

Taksi haydovchisi Muhammad Ammoriy so‘zlariga ko‘ra, do‘sti bilan gaplashib turganida harbiy mashinalar klub yonidagi binoga yetib kelgan. 

«Biz o‘q ovozlarini eshitdik, Jyenin klubiga qochib kirdik va u yerda uch soat qamalda qoldik. Taxminan bir soat o‘tgach, harbiy buldozerlar yo‘lning ikki tomonidagi mashinalarni vayron qildi, keyin esa klub devorini buzdi», dedi u. 

«Yoshlar tosh, qo‘lbola portlovchi moddalar uloqtirdi, falastinlik jangarilar Isroil askarlariga qarata o‘t ochdi. Do‘stim oyog‘idan yaralandi. Buldozer ichida odam bo‘lgan mashinani ag‘darib yuborganini ko‘rdim. U yaralandi, ammo tirik qoldi». 

Falastin Sog‘liqni saqlash vaziri May al-Qayla so‘zlariga ko‘ra, Isroil harbiylari voqea joyidagi yo‘lni to‘sib qo‘ygani uchun Falastin Qizil yarimoy jamiyati shifokorlari yaradorlarni zudlik bilan evakuatsiya qila olmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy shifoxonaning bolalar bo‘limi ham Isroilning ko‘zdan yosh oqizuvchi gazidan zarar ko‘rgan. TsAXAL bu ayblovlarga izoh bermadi. 

Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbosning vakili Isroilning reydini qoralab, buni xalqaro hamjamiyatning «roziligi» bilan amalga oshirilayotgan qirg‘in deb atadi. «Bu bosqinchi hukumatni butun dunyo oldida xalqimizni qirg‘in qilishga undaydi», dedi Nabil Abu Rudayna. 

So‘nggi paytlarda G‘arbiy sohilda vaziyat yana keskinlashmoqda: Isroil harbiylari falastinlik jangarilarga qarshi operatsiyani davom ettirmoqda. Falastinliklarning isroilliklarga qarshi qator hujumlari, shuningdek, jangarilarni hibsga olish chog‘ida isroillik askarlarga qarata o‘q uzishi oqibatida 30 dan ortiq odam, jumladan, askarlar, politsiyachilar va tinch aholi halok bo‘lgan. 

Isroil armiyasining harakatlari oqibatida yil boshidan beri G‘arbiy sohilda kamida 29 falastinlik – nafaqat jangarilar, balki tinch aholi vakillari ham halok bo‘lgan.

Top