08:22 / 27.01.2023
8443

«Vagner» transmilliy jinoiy tashkilot sifatida tan olindi

Qo‘shma Shtatlar XHK bilan bog‘liq bo‘lgan kompaniyalar va shaxslarga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi hamda uni xalqaro jinoiy tashkilot deb e’lon qildi.

Foto: Viktor Antonyuk / RIA Novosti

AQSh Moliya vazirligi Yevgeniy Prigojinning «Vagner» XHK tashkilotini transmilliy jinoiy tashkilot deb tan oldi, deb xabar bermoqda idora o‘z saytida 26 yanvar, payshanba kuni.

Bu qaror «Vagner» XHK tomonidan yuzaga kelgan transkontinental tahdidni hisobga olgan holda» qabul qilindi, deyiladi Moliya vazirligi bayonotida. Guruh «ayollar, bolalar yoki boshqa fuqarolik shaxslariga hujum uchun mas’ul va unda ishtirok etmoqda», shuningdek, «maktablar, kasalxonalar, diniy obektlar yoki fuqarolik shaxslari boshpana qidirayotgan boshqa joylarga hujum qilib, o‘g‘irlash, zo‘ravonlik harakatlari bilan shug‘ullanyapti», deya ma’lum qildi idora.

Bu xatti-harakatlarning barchasi «inson huquqlarining jiddiy buzilishi va xalqaro gumanitar huquqning buzilishidan iborat», deb ta’kidladi Moliya vazirligi.

«Vagner» XHKning transmilliy jinoiy tashkilot sifatida tan olinishi AQSh rasmiylariga unga qarshi sanksiyalarni yanada kengroq qo‘llash imkonini beradi. Milliy xavfsizlik kengashining Oq uydagi vakili Jon Kirbi ushbu qarorni e’lon qilar ekan, AQSh hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainada 50 mingga yaqin «Vagner» yollanma askarlari jang qilayotgani, ulardan 40 mingga yaqini yollangan mahbuslar ekanini aytdi.

«Bu va boshqa kelgusi harakatlar orqali biz ushbu XHKni qo‘llab-quvvatlashni ko‘rib chiqayotgan kompaniyalarga quyidagilarni aytmoqchimiz: «Vagner» - bu keng tarqalgan vahshiylik va inson huquqlari buzilishini amalga oshiruvchi jinoiy tashkilot, biz unga yordam beradiganlarni aniqlash, buzish, fosh qilish hamda ta’qib qilish ustida tinimsiz ishlaymiz», - dedi Kirbi.

Shu bilan birga, AQSh Moliya vazirligi Rossiya kompaniyalari va jismoniy shaxslariga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Cheklovlar qatorida Rossiya bosh vazirining o‘rinbosari Denis Manturov, Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov, Rossiya prezidentining Davlat kengashi bo‘yicha boshqarmasi rahbari Aleksandr Xarichev, Yota hammuassisi Sergey Adonev, Rossiya harbiy-sanoat majmuasi hamda «Vagner» XHK bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator shaxslar va kompaniyalar bor.

Sanksiya ostidagi shaxslarning AQShdagi barcha aktivlari bloklanadi. Sanksiyalar, shuningdek, Amerika tuzilmalariga ro‘yxatdagi tashkilotlar va odamlar bilan har qanday operatsiyalarni taqiqlaydi.

https://www.dw.com/ru/ssa-obavili-cvk-vagner-transnacionalnoj-prestupnoj-organizaciej/a-64527527

Top