08:51 / 01.02.2023
35824

“Onasi undan imtihonda xato qilishini so‘ragan” - Prezident maktabiga 2-o‘rinda kirgan olis qishloq qizalog‘i haqida

Ayjamal Sakbergenova Qoraqalpog‘istonning olis qishlog‘idagi maktabda o‘qigan bo‘lsa ham, yuqori natija bilan Nukusdagi prezident maktabiga kira olgan. Turmush o‘rtog‘i vafot etib, ikki farzandi bilan beva qolgan onasi esa moddiy imkoniyati bo‘lmagani sabab Ayjamalning prezident maktabida o‘qishini tasavvur ham qila olmasdi.

Ayjamal Sakbergenova

Nukus shahridagi prezident maktabi o‘quvchisi Ayjamal Sakbergenova juda iste’dodli. U bu yerga o‘qishga kirguncha Qoraqalpog‘istonning olis qishlog‘idagi maktabda ta’lim olgan.

O‘qituvchilar oilasida tug‘ilgan Ayjamal 1-sinfda o‘qigan vaqtidayoq 4-sinf masalalarini bemalol ishlay olardi. Lekin oiladagi vaziyat tufayli onasi uning imtihondan o‘tishini xohlamagan. Turmush o‘rtog‘i vafot etgan ayol bolalarini yolg‘iz boshi bilan katta qilayotgani sabab qizi Ayjamal uning asosiy yordamchisi edi.

Ayjamal o‘qishga qiziqishi juda yuqori bo‘lsa-da, oilada katta farzand ekani sabab ukasiga qarab, yolg‘iz onasiga yordam berib kelgan. Shuning uchun imtihon topshirayotgan payti ham onasi uni maktab-internatga yubormasligini bilar edi. Lekin qizaloq bilimini sinab ko‘rish uchun onasidan ruxsat oladi. Onasi Ayjamalga imtihonlarda savollarning bir nechtasini ataylab xato ishlash sharti bilan ruxsat berdi. Shunga qaramay, u tengdoshlari orasida ikkinchi o‘rinda o‘qishga qabul qilindi.

“Boshida maktabga hujjat topshirishiga qarshilik qilgandim. Sababi Nukusga borib o‘qishga sharoitimiz yo‘q edi. Mayli, shunda ham ko‘ngli qolmasin deb hujjat topshirishiga ruxsat berdim va u imtihonlardan o‘tdi. Ayjamalning bu darajaga yetishiga yordam bergan boshlang‘ich sinfdagi ingliz tili, matematika fani o‘qituvchilariga minnatdorchilik bildiraman”, deya intervyu bergandi Ayjamalning onasi imtihon natijalari chiqqach.

Ayjamal tahsil olgan maktab o‘qituvchilari ham uning yutug‘idan juda xursand bo‘lishgan. Butun respublika o‘quvchilari orasida 2-o‘rinda maktabga qabul qilinish kichkina natija emas.

“Ayjamal qizimizning maktabga qabul qilinishi pedagogik jamoamizga ulkan xursandchilik olib keldi. Uning bu natijaga erishishida onasining hissasi katta deb bilaman. Ayjamalning onasi ham o‘qituvchi, biz bilan ishlaydi. Qizining ta’limiga alohida e’tibor beradi”, deydi Ayjamalning o‘qituvchisi.

Hozirda Ayjamal Nukusdagi prezident maktabida o‘qiyapti. Iqtidorli qizcha bilan suhbatimizni yaqin orada o‘qishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Top