17:56 / 03.02.2023
14028
Reklama

“O‘zbekneftgaz”: “Maroqand neft bazasi”da talon-torojlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga oid to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi

Foto: O‘zbekneftgaz

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish, moliyaviy va komplayens nazorati yo‘nalishidagi xato-kamchiliklarni aniqlash va ularni kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Navbatdagi o‘rganishlar “Maroqand neft bazasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazildi.

Doimiy tarzda olib borilayotgan o‘rganishlarga qaramasdan, Jamiyat sobiq rahbarlari va mas’ul xodimlari tomonidan neft mahsulotlarining saqlanishi, iste’molchilarga yetkazib berilishi, debitor va kreditor qarzdorliklar bilan ko‘plab noo‘rin xarajatlarga yo‘l qo‘yish holatlari aniqlanmoqda. Xususan, ular tomonidan amaldagi qonunchilikka rioya qilmaslik natijasida 48 834,1 mln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi fosh etildi.

“Maroqand neft bazasi” MChJning sobiq rahbariyati va mutasaddi xodimlari o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib o‘zlariga tegishli korxonalar va fermer xo‘jaliklariga jami 17 818,3 mln so‘mlik neft mahsulotlarini to‘lovsiz yetkazib, o‘zlashtirishgan.

Neft baza hisobchilari tomonidan jami 1 829,0 mln so‘m jamiyat hisobraqamiga kelib tushmagan bo‘lsa-da, sun’iy ravishda iste’molchilarning interaktiv kartalariga kiritilib, neft mahsulotlari o‘zlashtirilgan.

Ish xaqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bilan bog‘liq jami 1 066,8 mln so‘mlik ortiqcha to‘lovlar va moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan.

Jamiyatning markaziy neft mahsulotlari ombori va tasarrufidagi FYoTShlarda jami 564,5 mln so‘mlik neft mahsulotlari va 89,0 mln so‘mlik asosiy vositalar va inventarlar kamomadlari aniqlandi.

Jamiyatning markaziy neft mahsulotlari omborida va “Ziyovuddin” filialida saqlanib kelinayotgan 6 365,6 tonna neft mahsulotlari “GOST” standart talablariga mos kelmasligi, ya’ni sifatsizligi ma’lum bo‘ldi.

Jamiyatga tegishli temiryo‘l sexi, qozonxona va avtoxo‘jaliklari tomonidan 520,0 mln so‘mlik neft mahsulotlari asossiz hisobdan chiqarilgan.

Jamiyatning 2022 yil 1 dekabr holatiga muddati o‘tgan debitor qarzdorligi 50 555,1 mln so‘mni tashkil qilgan. Ushbu qarzdorlik bo‘yicha majburiy undiruv choralari ko‘rilmagani oqibatida 14 173,0 mln so‘mi umidsiz qarzga aylangan.

Jamiyat sobiq bosh hisobchisi o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganligi natijasida 10 405,7 mln so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i ortiqcha to‘langan.

Jamiyat tasarrufidagi AYoQShda 29,0 mln so‘m chakana savdo pul tushumlari o‘z vaqtida Jamiyatning tegishli hisobraqamlariga kirim qilinmagan.

Shartnomalarning xarid qonunchiligiga to‘g‘ri kelishi tanlov asosida o‘rganilganda qiymati 268,7 mln so‘mlik shartnomalar davlat xaridlari qonunchiligiga zid ravishda to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilganligi aniqlandi.

Ta’kidlash joizki, o‘rganish jarayonida jami 4 522,9 mln so‘mlik pul mablag‘lari Jamiyat hisobraqamiga undirilishi ta’minlandi.

Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish va kamomadlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish maqsadida, to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga va boshqa xato-kamchiliklarga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish va xodimlarni ushbu yo‘nalishda huquqiy ongini oshirish ishlari davom etmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top