16:19 / 06.02.2023
21410

Turkiyaga 60 nafar qutqaruvchi hamda 3 ta maxsus avariya-qutqaruv texnikasi yuborilyapti - FVV 

Foto: FVV

O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga asosan qardosh Turkiyaga insonparvarlik yordami yuborilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi 60 nafar qutqaruvchi ushbu davlatga jo‘nab ketishini ma’lum qildi.

Turkiya janubi-sharqiy qismidagi viloyatlarda 6 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da 7,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgan, jiddiy jarohatlar olgan va katta talafotlar ko‘rgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga hamdardlik yo‘lladi. Qardosh Turkiya yetakchisi va xalqiga chuqur ta’ziya izhor etib, davlat rahbari vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi, jabrlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

Davlat rahbari topshirig‘iga asosan qardosh Turkiya davlatiga insonparvarlik yordami va zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida, 60 nafar FVV qutqaruvchilari hamda 3 ta maxsus avariya-qutqaruv texnikasi yuborilmoqda, deyiladi FVV xabarida.

Turkiya janubi-sharqida va Suriya shimolida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 1200 dan ortiq odam halok bo‘lgan. 

Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari soni 912 kishini tashkil qildi, 5385 kishi jarohat oldi, dedi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an. Uning o‘rinbosari Fuat O‘qtoyning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning turli shaharlarida kamida 1710 ta bino vayron bo‘lgan yoki shikastlangan. 

Suriya hukumati kamida 320 kishi halok bo‘lganini va 600 dan ortiq odam jarohatlanganini qayd etgan, deya xabar beradi Suriya Sog‘liqni saqlash vazirligi. 

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top