Jamiyat | 10:26 / 08.02.2023
21546
3 daqiqa o‘qiladi

“Zamonaviy maktab liderlar nigohida” – Toshkent, Farg‘ona va Andijondagi seminarlardan reportaj

7 fevraldan O‘zbekistonning barcha hududida “Zamonaviy maktab liderlar nigohida” mavzusida seminarlar o‘tkazila boshlandi. Unda 10 mingdan ziyod maktab direktorlari Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktab rahbarlari bilan maktabni boshqarish, muammolarni jamoaviy hal qilish, o‘quvchilarning ta’limi uchun muhim omillar borasida fikr va tajriba almashishmoqda.

Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida ham Olmazor tumanining 35 ta maktab direktorlari uchun seminar tashkil etildi.

“Bu seminarimiz 2 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, 4 ta topshiriqdan iborat. Birinchi galda yangi vazirlikning oliy maqsadini anglatish rejalashtirilgan, buni misol tariqasida barcha maktablar qilib bormoqda. Ikkinchisi esa bolalar huquqlari konvensiyasi, uni tahlil qilish, maktabda zamonaviy talab va qadriyatlarni qanday qilib uyg‘unlashtirish mumkin va samarador tizimi nima, bunda nimalarga e’tibor berish kerak? – shularga ahamiyat beriladi. Uchinchidan bitiruvchi portreti deganda ko‘z oldimizga qanday inson kelishi, zamonaviy o‘qituvchi portreti, u qanday bo‘lishi kerakligi haqida gaplashamiz. Shuningdek, eng oxirgi ustuvor yo‘nalishimiz bu – shaffoflik. Bu esa sanalgan yo‘nalishlar orasida juda muhim hisoblanadi”,– deydi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi direktori Hilola Nazirova.

“Bugungi treningimiz zamonaviy tarzda o‘tmoqda. Bugungi kundagi ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha nima qilish kerakligini mana shu treningda bitta-bitta bilib boryapmiz”, – dedi Olmazor tumani 15-maktab direktori Ma’mura Nishonova.

Bundan tashqari, Andijon hamda Namangandagi ixtisoslashtirilgan maktablarda ham liderlikning ahamiyati tushuntirilmoqda. Andijon shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktorining aytishicha, “Liderlik haftaligi” doirasida o‘tayotgan treninglar ta’lim muassasalaridagi boshqaruv tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga ham yordam berishi mumkin.

“Seminarlar maktablarni boshqarishda oldingidek avtoritar rejimdan foydalanish emas, balki u yerda liderlik faoliyatini olib borishni yo‘lga qo‘yish uchun ham o‘tkazilmoqda. Ya’ni bunda jamoani boshqarishda birgina insonning fikri emas, jamoaning fikrini qo‘llagan holda rejalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Hozirda mazkur treninglarimizda Asaka va Marhamat tumanidan kelgan maktab direktorlarimiz ishtirok etishmoqda”, – deya qayd etadi Andijon shahar 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internat direktori Abdurashid Baybabayev.

“Bizning maktabimiz Asaka tumanining chekka bir qishlog‘ida joylashgan. Menimcha, bugun treningda olgan ma’lumotlarimiz jamoamiz hamda o‘quvchilarimiz orasida keng tatbiq etilsa, bu – muvaffaqiyatlarga erishish yo‘lidagi bir qadam bo‘ladi”,– deb aytadi Asaka tumani 7-sonli umumta’lim maktabi direktori Zulfiya Qambarova.

Qayd etilishicha, dastur bo‘yicha seminar 10-fevralgacha 2 smenda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu loyiha doirasida joriy yilning 28 yanvaridan boshlab “Liderlar haftaligi” seminar-treninglariga start berilgan edi. Unda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 130 nafar rahbar kadrlari ishtirok etgan.

Mavzuga oid