22:47 / 09.02.2023
14375

«Gazprom» Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan uch tomonlama hamkorlikni muhokama qildi 

Urashuvda O‘zbekistonga Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston Respublikasi hududi orqali yetkazib berish masalasi muhokama qilindi. 

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

9 fevral kuni Sankt-Peterburg shahrida «Gazprom» boshqaruvi raisi Aleksey Miller Qozog‘iston energetika vaziri Bolat Akchulakov va O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bilan uchrashdi. 

Ishtirokchilar gaz sohasida uch tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar. 

«Urashuvda O‘zbekistonga Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston Respublikasi hududi orqali yetkazib berish masalasi, xususan, uch tomonlama ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan dastlabki texnik ko‘rik natijalari, yetkazib berishning mavjud imkoniyatlari hamda joriy yil yanvar oyida imzolangan «yo‘l xaritasi»ning ijrosi muhokama qilindi», deyiladi xabarda. 

Tomonlar o‘rganishlarning keyingi bosqichini jadallashtirish hamda natijasi bo‘yicha qisqa muddatlarda uch tomonlama uchrashuvni qayta tashkil etishga kelishib olgan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Energetika vazirligi va «Gazprom» o‘rtasida tuzilgan yo‘l xaritasida Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston hududidan o‘tuvchi «O‘rta Osiyo – Markaz» gaz quvuri orqali bozor narxida tabiiy gaz yetkazib berish uchun zaruriy texnik choralar aks etgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston o‘z gaz-transport tizimiga egalik va boshqaruv huquqini to‘liq o‘zida saqlab qolishi ta’kidlandi. 

Kelishuvga ko‘ra, 2023 yil 1 martdan boshlab Rossiyadan O‘zbekistonga tabiiy gaz importi yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda. 

Top