16:46 / 10.02.2023
10929

Moldova TIV RF elchisini Rossiya raketasi uchib o‘tgani tufayli chaqirtirdi

Foto: Picture Alliance

Moldova tashqi ishlar vaziri Niku Popesku Rossiya elchisi Oleg Vasnetsovni Moldova havo hududini buzishga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor ta’kidlash uchun zudlik bilan chaqirtirishni buyurdi, deb xabar berdi Kishinyovdagi TIV vakili Daniel Vode. 

«Rossiya tomoni Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini davom ettirmoqda, qo‘shni davlatga raketa zarbalari esa mamlakatimiz fuqarolariga to‘g‘ridan to‘g‘ri salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Moldovaga qarshi nodo‘stona harakatlar va bayonotlarni keskin qoralaymiz. Biz Rossiyani qo‘shni davlatga qarshi harbiy agressiyani to‘xtatishga chaqiramiz, bu ko‘plab qurbonlar va moddiy zararga olib kelmoqda», — deb ma’lum qildi Vode.

Avvalroq Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy 10 fevral kuni Rossiyaning ikkita «Kalibr» qanotli raketasi Ukraina-Moldova chegarasini kesib o‘tib, Ruminiya havo hududiga kirgani, keyin esa yana Ukraina havo hududiga qaytganini ma’lum qilgandi. 

Keyinroq Moldova Mudofaa vazirligi mamlakat havo hududi buzilganini tasdiqladi. Raketa Mokra (Ribnitsa tumani, Dnestrbo‘yi), so‘ngra Kosautsi qishlog‘i (Soroka tumani) ustidan uchib o‘tgan. Xabar berilishicha, yanvar oyida raketa zarbasi paytida Moldova hududiga uchinchi marta raketa qoldiqlari tushgan. 

O‘z navbatida, Ruminiya Mudofaa vazirligi «Ruminiya havo hududi ustidan uchib o‘tishi kerak bo‘lgan Rossiya raketasi haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmadi», deb ta’kidladi. 

Top