23:49 / 11.02.2023
25150

Rossiya targ‘ibot nashrida Putinni tanqid qiluvchi maqolalar paydo bo‘ldi 

Rossiya prezidenti, Ukrainadagi urush tanqid qilingan maqolalar 10 daqiqadan keyin o‘chirib yuborildi. Uni yosh muharrir joylashtirgani aniqlandi. 

Foto: kremlin.ru

Rossiyaning «Komsomolskaya pravda» targ‘ibot sayti to‘satdan Ukrainadagi urush, Rossiya tomonidan annexia qilingan hududlar va prezident Vladimir Putinni tanqid qiluvchi bir necha maqolalarni joylashtirdi. Ularning barchasi muallifi sifatida Vladimir Romanenko ko‘rsatilgan. 

«Prodoljyeniye sleduyet» telegram-kanali xabariga ko‘ra, maqolalar Ukrainadagi tinch aholi o‘rtasidagi yo‘qotishlar, «manyak Putin Ukraina tinch aholisini o‘ldirish uchun pul sarflayotgani» va urush «diktator Putin hokimiyatni yo‘qotganida tugashi» kabi mavzularga bag‘ishlangan. Shuningdek, Kreml rejimining jinoyatlari, Rossiyadagi safarbarlikning ikkinchi to‘lqini, rus armiyasi safida o‘lganlar soni va siyosiy mahbuslar – Aleksey Navalniy, Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin qiynoqqa solinishi haqida yozilgan. 

Qayd etilishicha, «KP» barcha maqolalarni 10 daqiqa ichida o‘chirib tashlagan, ammo o‘quvchilar maqolalarning skrinshotlarini yozib olishga muvaffaq bo‘lishgan.  

24 yoshli Vladimir Romanenko «Prodoljyeniye sleduyet» telegram-kanaliga intervyu berib, Rossiya targ‘ibot mashinasiga qarshi bo‘lgani uchun shu ishga qo‘l urganini aytadi. U pulga o‘ta zarur bo‘lgan vaziyatda «Komsomolskaya pravda» saytiga ishga kirishga majbur bo‘lganini, 6 oy davomida Rossiya targ‘ibot mashinasiga ishlaganini, tanqidiy maqolalarni joylashtirishga esa oldindan tayyorgarlik ko‘rganini tan oladi. 

«Men o‘z maqolalarimni urush boshlanganining 1 yilligiga bag‘ishladim. Unda Rossiya hukumati va armiyasining Ukrainadagi jinoyatlari, tinch aholi orasidagi qurbonlar soni, Rossiya armiyasi ushbu urushda qancha odam yo‘qotgani va Putin urushga qancha pul sarflayotgani haqida so‘z boradi. Men ularning barchasini Ukraina davlat organlarining rasmiy ma’lumotlari, mustaqil Rossiya va G‘arb ommaviy axborot vositalarining maqolalari asosida yozganman», dedi Romanenko. 

Jurnalist o‘z «aybini yuvish uchun» shunday qilganini tan oladi. 

«Men uchun bu qadam tubsizlikka sakrashdir. Men ish qidiryapman, mablag‘im oz qoldi. Lekin men buni aybimni yuvish sifatida qabul qilaman. Ishsiz qolish - yolg‘on gapirganim uchun adolatli jazo. Bu targ‘ibotlarda ishtirok etganim uchun Ukraina xalqidan uzr so‘rayman. Mening bayonotim targ‘ibotga hali ham qarshilik ko‘rsatadigan odamlar borligi haqida. Kremlga moyil boshqa ommaviy axborot vositalari mening xatti-harakatlarimni takrorlashini kutaman», dedi u. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top