20:12 / 12.02.2023
32970

Dron-granatalar - Ukraina urushidagi yangi arzon va xavfli qurollar. Ular qayerda va qanday yaratilgan?

Bir guruh askarlar qor bilan qoplangan jasadlar yonidan o‘tib ketadi. Ular yuqoridan kaftdek ko‘rinadi. Dron ularni tinimsiz kuzatib boradi, kerakli vaqtni tanlaydi va granatani tashlaydi. Bir necha soniyadan so‘ng, portlash ko‘rinadi, bir necha askar yiqiladi. Kimdir harakatsiz yotadi, boshqalari esa og‘riqdan ingranib, qo‘llari bilan sudraladi.

Foto: GETTY IMAGES

Askarlardan biri safdoshi tomon yugurib, uning qo‘lidan tutib, do‘stini xavfli joydan olib ketishga harakat qiladi. Dron ularning ustiga uchib, ikkinchi granatani tashlaydi. Portlash va ularning barchasi yerga qulaydi. Dron oldinga harakat qiladi va boshqa guruhga hujum qiladi. Bu safargi portlash muvaffaqiyatsiz tugaydi: faqat bitta askar halok bo‘ladi, qolganlar qochadi. Dron ularga yetib oladi va to‘rtinchi granatani harakat trayektoriyasi bo‘yicha tashlaydi. Portlash. Yana ikki askar yerga yiqiladi hamda o‘rnida tura olmaydi.

Olti nafar askar maxsus chuqurcha (voronka) ichida otishmadan yashirinmoqda. Dron ularning ustiga uchib keladi va granatani qoq markazga tashlaydi. Portlash, va bu askarlar uchun aftidan hammasi tugagan.

Har bir yirik urush yangi qurollar yaratilishiga olib keladi. Rossiya-Ukraina to‘qnashuvi arzon va xavfli yangi qurolni taqdim qildi — kvadrokopterga o‘rnatilgan granatalar.

Granatalar bilan jihozlangan dron hujumlari aks etgan videolarning katta qismi Ukraina askarlari tomonidan internetga joylashtiradi, biroq Rossiya qo‘shinlari ham ushbu texnologiyadan foydalana boshlagani haqida xabarlar bor.

Bu qurolni yasash uchun turli o‘q-dorilar va qurilmalardan foydalaniladi. Eng ko‘p sovet AGS-17 «Olov» granatomyotining 30 mm.li VOG-17 granatasi va Xitoyning «Mavik-3» kvadrokopteri ishlatiladi.

Nega aynan bunday o‘q-dorilar?

VOG-17 1960-yillar oxiridan hozirgi kungacha ommaviy ravishda ishlab chiqariladi. Ushbu granata o‘q-dorilarni navbat bilan otuvchi granatomyotdan otish uchun mo‘ljallangan.

Uning portlovchi qismi asosga birlashtirilgan qattiq simlardan tashkil topgan. Portlash o‘chog‘i radiusi yetti metrga yaqin masofani tashkil qiladi. Granata yerga tushganda asosan oyoqlar jarohatlanadi. VOG-17’ning kichik oskolkalari tanda chuqur kirib boruvchi yaralar paydo qiladi, ularni olish juda qiyin. Shu sabab yaralangan askar uzoq muddatga yoki butunlay safdan chiqadi. Portlashga yaqin bo‘lgan insonning miyasi chayqaladi yoki zarba to‘lqinidan halok bo‘ladi.

Kvadrokopterdan granatalarni tashlash uchun qayta ishlov kerak. Qoida bo‘yicha, bu ish qo‘l mehnati asosida amalga oshiriladi. Malakali qo‘llarda jarayon bir necha daqiqadayoq yakunlanadi.

Qo‘lbola usulda tayyorlangan VOG-17 granatalari shunday ko‘rinishda bo‘ladi. Foto: Reuters

VOG-17’ning afzalliklari sirasiga uning vazni yengilligi va omborlarda katta zaxiralari borligi kiradi.

Bundan tashqari yanada kuchliroq o‘q-dorilardan ham foydalaniladi. Masalan, AQShning 40 mm kalibrli M430A1 granatasi, tankka qarshi granatomyot granatalari va hatto minomyotning 82 mm.li minalari ham ishlatiladi.

Kopterlar nafaqat tirik kuchlarni, balki zirhli texnikani ham nishonga oladi. Xususan, tarmoqda operator granatani ochiq lyuk orqali tushirib, piyodalar jangovar mashinasini yoqib yuborishga muvaffaq bo‘lganining videosi mavjud.

RPG-7 granatasi olib uchuvchi dron. Foto: GETTY IMAGES

Kopterlar bilan hammasi juda oddiy emas

O‘q-dorilar qanchalik og‘ir bo‘lsa, dron shunchalik ko‘p yuk ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. «Mavik-3» faqat bitta granatani ko‘tara oladi, ammo 4-5 yoki undan ko‘proq granatalarni tashishga qodir kuchli kopterlar ham bor.

Har qanday holatda ham dronni qayta ishlash kerak. Muhandislar ularga ba’zida o‘zlari yasagan, ba’zida esa zavodda ishlab chiqarilgan turli tashlash tizimlarini o‘rnatadi. Ba’zi dron ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bunday qurilmalarni harbiy maqsadlarini ko‘zlamasdan ishlab chiqaradi. O‘q-dorilarni tashlash tizimlari bo‘lgan kopterlarni sanoat miqyosida ishlab chiqish va ularni Ukraina armiyasiga topshirish mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan.

Ba’zi hollarda, kvadrokopterga qo‘shimcha kuzatuv kamerasini o‘rnatish talab qilinadi, bu operatorga granatani nishonga aniqroq uloqtirish imkonini beradi.

Bu dronlar shamolli ob-havoda samarasiz, ularning parvozi shamol ta’sirida barqarorlikni yo‘qotadi va tashlangan granatalar nishondan uzoqqa tushadi. Tungi hujumlar uchun dron infraqizil nurli kamera bilan jihozlangan bo‘lishi kerak, bu esa uning narxini sezilarli darajada oshiradi.

Arzon kvadrokopterlar xavfsiz aloqa kanallariga ega bo‘lmaydi va ularni zamonaviy radioelektron urush vositalari bilan osongina tutib olish mumkin.

Ammo hozircha Rossiya-Ukraina frontida Xitoyning «Mavik-3» rusumli kvadrokopteri eng ko‘p qo‘llanayotgan dron bo‘lib turibdi.

Hujum qiluvchi dron operatorida faqat apparatning o‘zini yo‘qotish xavfi bo‘ladi. Foto: REUTERS

«Mavik-3»ning eng yuqori narxi chakana savdoda taxminan 3 ming dollarni tashkil qiladi. Bu miqdor ancha qimmat ko‘rinadi, ammo harbiy budjetlar uchun bu arzimas narx. Masalan, bitta F-16 qiruvchi samolyoti turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 43 million dollardan 55 million dollargacha turadi. Bu pulga hatto chakana narxda ham 14-18 mingta «Mavik» sotib olish mumkin.

Dron bilan hujum qiluvchi tomon faqat qurilmaning o‘zini xavf ostiga qo‘yadi. Dron ustiga uchib borgan dushman esa nimani xavf ostiga qo‘yishi tushunarli. Kopterlar esa bir nechta reydlarni uyushtirishi mumkin.

Kopterlarni urib tushirish qiyinmi?

Oddiy o‘qotar qurollardan ularni urib tushirish qiyin. Nazariy jihatdan mumkin, ammo bu avtomatdan uchayotgan o‘rdakni urish bilan bir xil. Bu yerda optika yordam berishi dargumon — osmon fonida tartibsiz harakatlanayotgan nuqtani vintovka bilan nishonda ushlab turish deyarli imkonsiz.

Kopter ovchilar faqatgina sochma o‘qli patronlardan foydalanadi, chunki ularda katta tarqalish maydoni bor. Yaqindan uchuvchi dronni miltiqli quroldan ko‘ra silliq stvolli quroldan urib tushirish osonroq. Lekin, birinchidan, sochma ov miltig‘ining samarali otish masofasi 50 metrdan oshmaydi. Ikkinchidan, frontning oldingi chizig‘ida bunday miltiqni qayerdan olish mumkin?

Foto: REUTERS

Shunga qaramay, hujum qilmoqchi bo‘lgan dronga o‘t ochish mantiqiy. Granatalar muvaffaqiyatli tashlangan barcha videolarda askarlar qarshilik ko‘rsatishga urinmagan. Ular yoki xavfni ko‘rmagan, yoki vahimaga tushib, qochishga harakat qilgan. Ehtimol, agar ular kopterga o‘q uzishni boshlaganda, operator qurilmani xavf ostiga qo‘ymay, osonroq nishon topish uchun yo‘nalishni o‘zgartirgan bo‘lar edi.

Oldingi chiziqda harakat qiluvchi kvadrokopterlarga qarshi kurashishning eng samarali usuli elektron urush tizimlari. Bular signallarni bostirish, tutib olish va navigatsiya ma’lumotlarini almashtirish tizimlaridir.

Granatali kopterlarni ommaviy ravishda qo‘llash nimani o‘zgartiradi?

Pozitsiyaviy urush sharoitida jangovar kvadrokopterlar gibrid funksiyalarga ega bo‘ladi — ular diversion-razvedka guruhi, shuningdek, snayper va hatto front aviatsiyasi sifatida harakat qilishi mumkin.

Dushman qo‘lida ko‘p sonli bunday dronlar mavjudligi shaxsiy tarkib va ​​texnikaning nafaqat harakatini, balki ularning front chizig‘i yaqinidagi ochiq maydonda bo‘lishini ham xavf ostida qoldiradi.

Granatali kopterlarning ommaviy hujumlariga qarshi turish uchun eng zamonaviy qurollarga ega bo‘lgan yirik redioelektron tuzilmalari kerak bo‘ladi. Rossiya-Ukraina fronti uzunligi hisobga olinsa, bu minglab yuqori malakali mutaxassislar va ularni himoya qilish uchun yana o‘n minglab askarlar kerak bo‘lishini anglatadi.

Aks holda, oldingi safdagi harbiy xizmatchilar istalgan vaqtda yo osmondan «sovg‘a» kutib olishlari, yoki okoplarda chiqmay o‘tirishlariga to‘g‘ri keladi. Okop yoki boshpanada o‘tirish esa granatali dronlarga qarshi ziddi zahar emas.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top