«Ishonchli xavfsizlik tizimi va manfaatlarga mos savdo» – O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT rezolyutsiyasining ahamiyati qanday?
BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida Shavkat Mirziyoyev taklif qilgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi. Bunday konstruktiv hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi – xavfsizlikning ishonchli tizimini yaratishga hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy munosabatlarni mintaqa mamlakatlari manfaatlariga mos ravishda barpo etishga xizmat qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yil iyulda Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyada ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilish tashabbusini bildirgan edi. BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etilgan hujjatda ikki mintaqa o‘rtasidagi muloqotning umumiy yondashuvlari, asosiy tamoyillari va yo‘nalishlarini hujjatda mustahkamlash taklif qilindi. BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha tayyorlangan rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi va unga dunyoning turli mintaqalaridan 40 mamlakat hammualliflik qildi.
Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti mutaxassislari Alisher Qodirov va Sarvar Kamolovlar Kun.uzʼga taqdim qilgan maqolasida ushbu rezolyutsiyaning ahamiyati borasida so‘z boradi.
«Hujjat xalqaro hamjamiyat ko‘pchilik a’zolarining fikrini o‘zida aks ettiradi va uning mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, mintaqalar o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishda Afg‘onistonning rolini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligi, savdo-iqtisodiy aloqalar samaradorligini oshirish, transport va tranzit koridorlarini rivojlantirish kabi sohalardagi faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan.
Qarorning qabul qilinishini nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, balki butun xalqaro hamjamiyat uchun tarixiy voqea sifatida ta’riflash mumkin. Buning ma’nosi shundan iboratki, u birinchi marta bugungi sharoitda global mintaqalararo rivojlanish strategiyasi va dasturlarini uzoq muddatli asosda amalga oshirish uchun qonuniy ravishda ta’minlandi va qo‘shimcha imkoniyatlar ochdi.
Ikkinchidan, ikki mintaqa mamlakatlari diplomatik munosabatlar tarixida o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi, buni ularni birlashtirish jarayonidagi dastlabki qadamlar deb atash mumkin. Davlatlar mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va o‘z mamlakatlari, xalqlari taraqqiyoti uchun barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni amalga oshirish imkoniyatini tasdiqladi», - deydi mualliflar.
Rezolyutsiya Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyoning mintaqaviy va global tahdidlarni hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuviga aylandi. Shuningdek, u O‘zbekistonning mintaqaviy siyosati xalqaro hamjamiyatning yuksak e’tirofi va qo‘llab-quvvatlanishini ifoda etadi va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ladi.
«Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashning dolzarbligi mintaqalar mamlakatlarining o‘sib borayotgan iqtisodiy aloqalari nuqtai nazaridan strategik ahamiyatga ega sanaladi.
Koronavirus pandemiyasi, shuningdek, tovar va xizmatlarning global ta’minot zanjiridagi so‘nggi tub o‘zgarishlar zamonaviy dunyoda ushbu tendensiyani, shuningdek turli tahdidlarga qarshi birgalikda javob berishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish uchun keng xalqaro hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish zarurligini yaqqol ko‘rsatdi.
Zamonaviy xalqaro munosabatlarning yana bir tendensiyasi bu – samarali va moslashuvchan ta’minot zanjirlarini yaratish va yirik sanoati rivojlangan mamlakatlar bilan savdoga haddan tashqari qaramlik xavfini kamaytirish maqsadida mintaqaviy asosda qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash sanaladi.
Mintaqalararo hamkorlikka bo‘lgan talab yangi savdo bozorlarini rivojlantirish va tayyor mahsulotlar eksportini ko‘paytirish, energiya va boshqa xomashyolarni uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, mintaqa barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash kabi omillar bilan belgilanadi.
Ekologiya, energetika, oziq-ovqat xavfsizligi, nazoratsiz migratsiya, terrorizmga qarshi kurash, narkotrafik sohasidagi yangi transmilliy tahdidlar ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishni talab qiladi.
Transport sohasida o‘zaro bog‘liqlik mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashning muhim masalasidir. Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi transport-logistika sohasidagi aloqalarni kengaytirishdan maqsad, birinchidan, tashqi iqtisodiy faollikni oshirishga imkon beradigan transport-iqtisodiy yo‘laklarni yaratish, ikkinchidan, qisqa yo‘nalishlar bo‘yicha tovarlar va mahsulotlarni tashish uchun umumiy mintaqalararo bozorni shakllantirish, uchinchidan Afg‘onistonning xalqaro transport yo‘laklari faol integratsiyalashuvi sanaladi.
O‘zbekiston Prezidenti Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida ko‘rib chiqishni va unga butunlay yangicha qarash lozimligini – hududidan tinchlik va barqarorlikka tahdid soladigan mamlakat sifatida emas, balki yaqin hamkor va qo‘shni davlat sifatida qarashni taklif qildi.
Afg‘oniston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik, bu mamlakatdagi tinchlik va barqarorlik transport, energetika, savdo sohasida transmintaqaviy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash imkonini beradi».
O‘zbekistonning konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yish siyosatini yanada ilgari surishi – Markaziy va Janubiy Osiyoda birgalikda rivojlanish makonini, xavfsizlikning ishonchli tizimini hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy munosabatlarni mintaqa mamlakatlarning manfaatlariga mos ravishda barpo etishga xizmat qiladi.
«Yuqoridagi omillarni umumlashtirgan holda shuni aytish mumkinki, BMT rezolyutsiyasining qabul qilinishi O‘zbekistonning o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha rejalarini amalda amalga oshirish bo‘lib, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining barqarorligini, inklyuziv iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha mintaqalararo aloqalarni takomillashtirish hamda ushbu mintaqalarda yashovchi xalqlarning ravnaqi va farovonligini yanada yaxshilash uchun qulay zamin yaratadi», - deydi SMTI mutaxassislari.
Mavzuga oid
11:15 / 12.12.2024
O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 530 dan ortiq fuqarosini Yaqin Sharqdan qaytardi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
12:20 / 05.12.2024
“Isroil BMT bilan himoyalanib, genotsid uyushtirmoqda” - Francheska Albaneze
17:18 / 03.12.2024