Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya TIV rahbari Grenlandiya masalasi tufayli AQShga BMT nizomini eslatdi
“BMT nizomida mustahkamlangan suverenitet, hududiy yaxlitlik va chegaralarning daxlsizligi tamoyillariga rioya qilinishi shart”, - dedi Yoxann Vadeful Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha tahdidlari muhokamasi chog‘ida.
Foto: Global Look Press
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z mamlakati Arktika mintaqasida joylashgan Daniyaning avtonom hududi Grenlandiyani sotib olishi ehtimoli haqida mulohazalar bildirib kelayotgani fonida Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful BMT nizomi qoidalarini eslatdi. “BMT nizomida mustahkamlangan suverenitet, hududiy yaxlitlik va chegaralarning daxlsizligi tamoyillariga rioya qilinishi shart”, — dedi u 7 yanvar, chorshanba kuni Parijda. O‘sha yerda u fransuz va polyak hamkasblari — Jan-Noel Barro va Radoslav Sikorskiy bilan “Veymar uchburchagi” formatida uchrashgan.
Germaniya diplomatiyasi rahbari ta’kidlashicha, Grenlandiya taqdirini grenlandlar o‘zi, shuningdek Daniya belgilashi lozim. Shu bilan birga, Arktika mintaqasidagi xavfsizlikka doir barcha masalalar “albatta, NATO doirasida muhokama qilinishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi u. Vadefulning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansida bunday masalalarni ochiq muhokama qilishga tayyorlik bor.
Shu o‘rinda Germaniya vaziri avvalroq o‘zi va Barro telefon orqali gaplashgan AQSh davlat kotibi Marko Rubio “hozir ham shunday masalalarni Daniya qirolligi hukumati bilan muhokama qilmoqchi ekanini bildirgani”ni ijobiy baholadi. “Bu, albatta, ma’noga ega va qo‘llab-quvvatlashga arziydi”, — dedi Vadeful.
Jurnalistlarning “AQShning Grenlandiyaga ehtimoliy harbiy bostirib kirishi NATOning tugashi degani bo‘ladimi?” degan savoliga javoban, Germaniya TIV rahbari shunday dedi: “Biz bir-birimizni imkoni boricha qo‘llab-quvvatlashimizga va bu alyans har doim bo‘lganidek qolishiga — dunyodagi eng muvaffaqiyatli mudofaa ittifoqi bo‘lib qolishiga — menda zarracha ham shubha yo‘q”.
O‘z navbatida, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Daniya Yevropaning hamjihatligiga tayanishi mumkinligini bildirdi. “Biz endi Luizianani sotib olish yoki sotish mumkin bo‘lgan zamonda yashamayapmiz. Bunday qo‘rqitishga urinishlar to‘xtatilishi kerak”, — deya ogohlantirdi u.
Parijdagi “Veymar uchburchagi” uchrashuvida Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar ham ishtirok etdi.
“Veymar uchburchagi” muzokaralar formati sifatida 1991 yilda Germaniyaning Veymar shahrida o‘sha paytdagi Germaniya, Fransiya va Polsha tashqi ishlar vazirlari tomonidan tashkil etilgan. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan keyin, ushbu uch davlatning “Veymar uchburchagi” doirasidagi hamkorligi ayniqsa faol rivojlana boshladi.
Mavzuga oid
11:17
YeIda Grenlandiya bo‘yicha reja: Trampga qarshi bir necha variant muhokama qilinyapti
09:35
Grenlandiya yoki NATO? Tramp “tanlov bo‘lishi mumkin”ligini aytdi
23:29 / 08.01.2026
AQSh BMT Yashil iqlim fondidan chiqdi
20:46 / 08.01.2026