16:53 / 14.02.2023
13812

Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida qalbaki pullarni tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Ulardan 460 mln so‘mdan ortiq qalbaki pullar musodara qilingan.

Foto: Videodan kadr

Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlarida qalbaki banknotlarni tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olingan. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2023 yil 3 fevral kuni Jizzax viloyati Paxtakor tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan Paynet orqali plastik kartaga 4,3 mln so‘m qalbaki pul o‘tkazish holati aniqlangan.

Tezkor surishtiruvlar davomida qalbaki pullarni Jizzax viloyatida yashovchi ikki nafar shaxs muomalaga kiritgani aniqlangan.

Gumondorlar qo‘lga olinib, ulardan 10 dona Paynet cheki, 39 dona bank kvitansiyasi va bitta plastik kartasi olib qo‘yilgan. Ularning ko‘rsatmalariga ko‘ra, to‘rtta Paynet shoxobchasiga kiritilgan 4,5 mln so‘m miqdordagi qalbaki pullar olingan.

Qo‘lga olinganlardan biri Jizzax shahridagi qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli uyga yana 18 mln qalbaki so‘m yashirgani aniqlangan. Tergov jarayonida u 28 mln so‘m qalbaki pullarni Samarqand viloyati Payariq tumanida yashovchi shaxsdan 18 million so‘mga sotib olganini ma’lum qilgan.

Tadbir davom ettirilib, Payariq tumanida yashovchi shaxs qo‘lga olinganda u  Buxoro shahrida yashovchi shaxsdan 200 000 so‘mlik qalbaki pullarning har bir donasini 60 000 so‘mdan sotib olganini aytgan.

Buxoro shahrida yashovchi uch nafar fuqaro 100 mln so‘m qalbaki pulni 30 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olingan. Ulardan 336,4 mln so‘m qalbaki pul, to‘rtta kompyuter, beshta printer, uchta qog‘oz kesish mashinasi va 35 dona rangsiz lak musodara qilingan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumondorlar vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Top