20:34 / 14.02.2023
18164

The Washington Post: AQSh Ukrainani urush burilish nuqtasiga kelganidan ogohlantirdi

© Yasuyoshi Chiba/AFP/Getty Images

AQSh prezidenti Jo Baydenning ma’muriyati Ukraina hukumatini urush trayektoriyasini o‘zgartirish uchun hal qiluvchi palla kelgani haqida ogohlantirdi. Bu haqda The Washington Post o‘z manbalariga asoslanib xabar tarqatdi.

Oq uy rasmiylari hisoblashicha, bahorda Rossiya kutilganidek yurish boshlaydi, Ukraina esa boy berilgan hududlarini qaytarish uchun qarshi hujumga o‘tishi mumkin. Yanvar oyida Kiyevga tashrif buyurgan amerikalik mulozimlar ham Ukraina hukumatiga keyingi oylar o‘ta muhim bo‘lishi haqida aytgan.

Amerikalik harbiy tahlilchilar fikricha, Ukraina qo‘shinlari bir vaqtning o‘zida Donetsk oblastidagi Baxmut shahrini himoya qilishi va boy berilgan hududlarni qaytarish uchun bahorda qarshi hujumga o‘tishi (AQSh shuni muhimroq vazifa deb hisoblaydi) qiyin bo‘ladi. WP suhbatdoshlari aytishicha, agar Ukraina Rossiya qo‘shin yuborgan barcha yo‘nalishlarda jang olib boradigan bo‘lsa, bu rossiyaliklar foydasiga ishlaydi.

Bundan bu yog‘iga Oq uy kongress Ukrainaga avvalgi kabi yordam ajratishiga erishishi qiyin bo‘lishi kutilayotgani tufayli AQSh Kiyevga bosimni kuchaytirmoqda, chunki ayrim respublikachilar qo‘llab-quvvatlov hajmini qisqartirishga chaqirmoqda. Hozirda Jo Bayden ma’muriyati kongress bilan Ukraina uchun 10 milliard dollar miqdoridagi yordam ko‘rsatish ustida ishlamoqda. Rossiya bosqiniga bir yil to‘ladigan kunda yangi harbiy yordam paketi bilan birgalikda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar haqida ham e’lon qilinishi kutilmoqda.

AQSh rasmiylari Ukrainani imkon qadar uzoq vaqt davomida qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirish barobarida yozga borib Kiyev Amerika yordam paketini sarflab bo‘lishi va shundan keyin mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilish qiyin bo‘lishidan ogohlantiradi.
 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top