19:51 / 14.02.2023
16368

Ukraina uchun «Tayfun». Britaniya Kiyevga o‘z qiruvchi samolyotlarini berishi mumkinmi?

Jurnalistlarning «AQSh Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yuborishi mumkinmi?» degan savoliga prezident Bayden «Yo‘q» deya javob qaytargan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak esa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Kiyevga jangovar samolyotlar yetkazib berish haqidagi iltimosiga «Hamma narsani muhokama qilish mumkin», deya javob berdi.

Eurofighter Typhoon zamonaviy qiruvchi samolyot, ammo kamchiliklari bor.

Dauning-stritning xabar berishicha, Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles allaqachon Ukrainaga qanday samolyotlar yetkazib berilishi mumkinligini o‘rganishga harakat qilmoqda. To‘g‘ri, vazirning o‘zi BBC nashriga aytganidek, ish unchalik tez bitmaydi va samolyotlarni yetkazib berish bir necha oyga cho‘zilishi mumkin.

Agar Buyuk Britaniya qirollik harbiy-havo kuchlarida mavjud bo‘lgan samolyotlar haqida gapiriladigan bo‘lsa, yuboriladigan samolyotlar borasida shunchaki tanlov yo‘q: qirollik aviatsiyasida faqatgina Eurofighter Typhoon qiruvchilari va Ukrainaga berilmaydigan zamonaviyroq F-35B samolyotlari bor.

Ukrainadagi urush boshlangandan beri G‘arb Ukrainani eng so‘nggi tizimlar bilan ta’minlamoqda, ammo qiruvchi samolyotlar alohida holat bo‘lib, siyosiy, texnologik va boshqa sabablarga ko‘ra F-35 samolyotlarini Kiyevga yetkazib berish imkoniyati mutlaq istisno qilingan (ya’ni hech qachon yetkazib berilmaydi).

Zamonaviy qiruvchi

«Tayfun» — bu qiruvchi samolyot bo‘lib, uning avlodini ba’zi sharhlovchilar 4++ yoki 4,5 deb ataydi. Bu yangi Dassault Rafale yoki Saab Gripen samolyotlariga, shuningdek modernizatsiya qilingan Su-35 yoki F-16E samolyotlariga mos keladigan ancha yaxshi zamonaviy daraja.

Ushbu avlod samolyotlari ma’lum xususiyatlar bilan ajralib turadi — ular rivojlangan avionikaga ega. Shuningdek, bu samolyotlarda uchuvchiga samolyotni boshqarishda yordam beradigan kuchli bort kompyuteri, zamonaviy radarlar, raqamli axborot almashish tizimi, radioelektron qarshi kurash uskunalari, eng yangi qurollardan foydalanish qobiliyati va nihoyat, radarda ko‘rinishini kamaytiruvchi texnologiyalar mavjud.

Hindlarning Su-30MKI va fransuzlarning Rafale samolyotlari mashg‘ulot chog‘ida – bular 4++ avlodiga mansub qiruvchilar. Foto: AFP

Biroq, agar 4++ darajasida modernizatsiya qilingan qiruvchi samolyotlarda ushbu xususiyatlarning barchasi mavjud samolyotga o‘rnatilishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, 1990-yillarda ishlab chiqarilgan samolyotlar dastlab ushbu ishlanmalar asosida yaratilgan bo‘lib, ular samolyotlarning organik qismiga aylangan.

«Tayfun»ning imkoniyatlari hayratlanarli: u 13 ta qo‘llab-quvvatlash tuguni yordamida 9 tonna o‘q-dorini ko‘tara oladi. F-16S’da bu ko‘rsatkich 11 tugunda 7,7 tonnani, MiG-29’da esa oltita aylanada 3 tonnani tashkil qiladi.

«Tayfun» allaqachon Yevropa va AQShning aviatsion raketalari va bombalaridan foydalanishga moslashtirilgan. Shu bilan birga, samolyot dastlab havo jangi uchun yaratilgan bo‘lib, shu bois yaxshi manyovr va tezlikka ega.

Bu eng yaxshi variant emasmi?

Ammo Britaniyaning «Tayfun»lar floti qator kamchiliklarga ega. Dauning-strit mamlakat mudofaa vazirligi qiruvchi samolyotlarni Kiyevga yetkazib berish masalasini o‘rganishi haqida xabar bergandan so‘ng (bu yerda faqatgina bitta variant bor), bu g‘oya mutaxassislar tomonidan darhol tanqid qilindi.

Qirollikning Birlashgan mudofaa tadqiqotlari instituti «Tayfun»larni Ukrainaga yuborish pulni samarasiz sarflash bo‘ladi, deb hisoblaydi.

QBMT ekspertlari fikricha, birinchidan, Britaniya Ukrainaga «Tayfun»ning eng so‘nggi versiyalarini berishi dargumon. «Tayfun» zamonaviy qiruvchi bo‘lishiga qaramay, allaqachon Tranche 1, 2, 3, 4 deb nomlangan to‘rtta asosiy modernizatsiyadan o‘tgan.

Typhoon – yuqorida manyovrlar qilishga moslashgan samolyot, ammo Ukrainada maksimal darajada pastlab uchishga to‘g‘ri keladi

Asosiy o‘zgarishlar bortdagi raqamli uskunalar va dasturiy ta’minot bo‘yicha bo‘lgan. Ko‘p jihatdan hisoblash tizimlariga tayanadigan bugungi zamonaviy samolyotlarda bunday yangilanishlarni fundamental yangilanishlar deb hisoblash mumkin.

QBMT ma’lumotlariga ko‘ra, Tranche 1’ning asosiy versiyasi 200 kilometr masofaga uchuvchi Yevropa tipidagi «Meteor» zenit raketasidan foydalana olmaydi va shuning uchun amerikaliklar bilan ushbu samolyot ishlata oladigan AIM-120D raketalarini yetkazib berish bo‘yicha alohida muzokara olib borishi kerak bo‘ladi. Bu esa samolyotlarni yetkazib berish jarayonini qiyinlashtiradi.

Bundan tashqari, QBMT ma’lumotlariga ko‘ra, «Tayfun»lar prinsipial jihatdan past balandlikdagi parvozlar uchun optimallashtirilmagan. Uning qurollari yuqori balandlikda foydalanish uchun moslashtirilgan.

Biroq, QBMT yozganidek, havo janglarida Rossiyaning uzoq va o‘rta masofaga mo‘ljallangan havo hujumidan mudofaa tizimlarining qarshiliklariga duch kelgan qiruvchilar past balandlikda uchishiga to‘g‘ri keladi, bu esa ularning qurollari imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi.

Nafaqat QBMT mutaxassislari, balki boshqa ekspertlar ham ta’kidlayotgan ikkinchi muammo shuki, Ukraina harbiy-havo kuchlariga yomon tayyorlangan uchish yo‘laklaridan havoga ko‘tarila oladigan oddiy samolyotlar kerak.

RUSI’dagilar past balandlikdagi missiyalar Typhoon’ning samaradorligini pasaytiradi deb hisoblashadi, lekin qirollik aviatsiyasida uchuvchilar pastlab parvoz qilishga ham o‘rgatiladi. Foto: Getty Images

«Tayfun»ga esa mukammal infratuzilmaga ega yaxshi aerodromlar lozim. Ukrainada bunday aerodromlar bor, ammo samolyotlarni ko‘proq joyga tarqatish uchun ko‘proq aerodromlar kerak. Aks holda Rossiya ular joylashgan aerodromga yoppasiga raketa zarbasi berishi mumkin.

Va nihoyat, britaniyalik ekspertlar ta’kidlashicha, «Tayfun»lar, ayniqsa, birinchi seriyalar Suriya va Iroqdagi masofaviy operatsiyalar hamda Yevropadagi patrullar doirasida tez-tez uchishi tufayli eskirgan.

F-16 varianti

Ukrainaliklar ular uchun eng yaxshi tanlov AQShning F-16 samolyotlari ekanligini qayta-qayta takrorladi. Qiruvchining o‘ziga yarasha afzalliklari va kamchiliklari bor, ammo Kiyev aynan shu samolyot ularga berilishi kerak deya hisoblamoqda.

F-16 haqiqatan ham bir necha marta modernizatsiya qilingan juda samarali va kuchli samolyot. F-16 samolyotlari soni «Tayfun»ga qaraganda ancha ko‘proq, shuning uchun ularni topish oson. Bu samolyotlar uchun ehtiyot qismlari ham, tajribali xodimlar ham ko‘p.

F-16’ning kamchiligi shundaki, u ham yaxshi tayyorlangan aerodromlar va sifatli texnik xizmat ko‘rsatishni talab qiladi. Ular uchun yangi aerodromlar qurish, uchuvchilar va texnik xodimlar AQShda tayyorlanishi kerak.

Ukrainlar ko‘p bor F-16 samolyotlarini afzal ko‘rishlarini aytishgan. Foto: Getty Images

Yoki AQShda tayyorlashga hojat qolmasligi ham mumkin. Buyuk Britaniya Ukraina qurolli kuchlari uchuvchilarini G‘arb qiruvchilarida jang qilishga o‘rgatishga va’da berdi.

Britaniyaliklar Ukraina uchuvchilarini AQSh samolyotlarini boshqarish uchun tayyorlay oladimi?

«Albatta, va nafaqat uchuvchilarni, balki qiruvchilarga texnik xizmat ko‘rsatish kerak bo‘ladigan mutaxassislarni ham», deya xabar bergan BBC nashriga Ukraina harbiy-havo kuchlaridagi manba.

Mach Loop — past balandlikdagi parvozlar mashq qilinuvchi Uelsdagi mashhur aviatsiya poligonidir. U yerda amerikalik uchuvchilar ham mashq qiladi. Poligonda F-15, F-18, F-22 va F-16 samolyotlarini ko‘rish mumkin. Ularning ba’zilari boshqa mamlakatlarga, masalan, Belgiya harbiy-havo kuchlariga tegishli.

Xullas, Britaniyada F-16’ga texnik xizmat ko‘rsatish uchun infratuzilma mavjud, demak bu yerda uchuvchilarni ham o‘qitish mumkin.

Uchuvchilarni qanchalik tez o‘qitish mumkin?

2022 yil iyul oyida Air Force jurnali Ukraina harbiy-havo kuchlari matbuot kotibi Yuriy Ignatdan iqtibos keltirgan holda ukrainalik qiruvchi samolyotlar uchuvchilari haqida maqola chop etdi. Ignatning so‘zlariga ko‘ra, F-16 samolyotlarini boshqaruvchi uchuvchilarni tayyorlash uchun olti oy kerak bo‘ladi.

«Birinchi bosqich, ya’ni A nuqtadan B nuqtaga uchish bir necha hafta davom etishi mumkin, ammo jang qilish, raketalardan foydalanishni o‘rganish uchun taxminan olti oy vaqt ketadi», degan Ukraina harbiysi.

War Zone onlayn nashri F-16 uchuvchilari bilan intervyu uyushtirib, ushbu turdagi samolyotlarni boshqarishni o‘rganish uchun qancha vaqt ketishini so‘ragan.

«G‘arb tipidagi qiruvchi samolyotda taxminan 500 soat parvoz qilgan, lekin ilgari hech qachon F-16’da uchmagan uchuvchi (masalan, kimdir Hornet’da uchgan), hamma narsani o‘rganishi uchun tanaffuslar va ish kunlarisiz 69 kun kerak bo‘ladi. Shunda uchuvchi Viper’dan (F-16’ning norasmiy nomi) havo janglari va yerdagi nishonlarga zarbalar berishda xavfsiz foydalanishi mumkin», degan tajribali F-16 uchuvchisi.

Ushbu davrda o‘quv parvozlari va yuqori aniqlikdagi qurollardan foydalanish sinovlari o‘tkaziladi. Ammo bu muddat yakunida pilot faqatgina asosiy uchish ko‘nikmalarga ega qanot uchuvchisi bo‘ladi. Aviatsiyada boshqa tajribali pilot – boshqaruvchi bilan tandemda uchuvchi pilotlarni shunday atashadi – qanot uchuvchisi boshqaruvchi pilotning buyruqlariga bo‘ysunadi va uni boshqa samolyotlarning hujumlaridan himoya qiladi.

«Su-35 va hatto Su-27’ga qarshi (Su-30, Su-34 va Su-35’lar asos qilib olingan qiruvchi samolyotning asosiy versiyasi) bahsli havo hududida jangga kirish ko‘p yillik tajribani talab qiladi. Uskunalar bilan deyarli tanish bo‘lmagan yangi uchuvchiga bunday vazifani ishonib topshirish mumkin emas! Siz katta imkoniyatlarga ega samolyot olishingiz mumkin, lekin agar uchuvchi bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishni bilmasa, unda bularning barchasi befoyda. Shunday qilib, MiG-29’dan ko‘chib o‘tgan uchuvchi uchun mutlaqo yangi interfeysni o‘zlashtirishi kerak bo‘ladi. Bu yerda hamma narsa boshqacha ko‘rinadi, unga uch oy ichida u oldin faqat o‘qigan qurolidan foydalanishni o‘rgatish va jangga tashlash – bu qiyin ish», degan uchuvchi.

Boshqa tomondan, Air Force Magazine jurnali yozishicha, ukrainalik uchuvchilar parametrlari bo‘yicha rus qiruvchilaridan ustunroq bo‘lgan eski MiG-29 samolyotlari bilan havo janglarini tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi. Ular uzoq masofada ko‘rinmaslik uchun past balandlikda radar o‘chirilgan holda uchib, turli taktik nayranglar o‘ylab topdi. Demak, yangi tipdagi samolyotlarni boshqarishga katta ehtimol bilan ancha tajribali uchuvchilar o‘qitiladi.

Bundan tashqari, MiG va F-16’ning yangi versiyalarida uchgan uchuvchilarning aytishicha, AQSh havo mashinalarini boshqarish ancha osonroq va qulayroq.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top