10:45 / 17.02.2023
14704

Aydarko‘lda suv sathi 2 metrgacha pasayib, hajmi 36,8 mlrd metr kubga tushgan 

Aydarko‘lga har yili qishlash uchun yanvar-mart oylarida 400ga yaqin, shulardan 13 turdagi xalqaro va 24 turdagi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qushlar uchib kelgan. Ko‘l va ko‘l atrofidagi ekotizimning o‘zgarishi bu qushlarning ham migratsiya yo‘llarini o‘zgartirishi va yo‘qolib ketishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tildi.

16 fevral kuni Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisi o‘tkazildi. Unda “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimida olib borilgan o‘rganish natijalari haqida axborot berildi.

Ma’lum qilinishicha, ko‘llar tizimining suv hajmi 2006 yilda 42,1 mlrd metr kubni tashkil etgan. So‘nggi yillarda iqlimning o‘zgarishi va tashqi suv manbalaridan tashlanayotgan chuchuk suv miqdori ayrim yillarda kamayishi va boshqa qator omillar sabab, ko‘llar tizimidagi suvning sathi 2 metrgacha pasayib, suv hajmi 36,8 mlrd metr kubga tushgan. Shuningdek, suvning minerallashuv darajasi oshgan. 

Suv sathining pasayishi natijasida qirg‘oq bo‘ylari 15-50 metrga chekinib, 15-20 smgacha, ba’zi joylarda undan ham ko‘proq tuz qatlami hosil bo‘lgan. Buning oqibatlari ko‘llar va ularning atrofidagi ekotizimdagi o‘zgarishlarda, shu jumladan suvli-botqoqli hududlarning o‘ziga xos flora va faunasi kamayib borishida namoyon bo‘lmoqda. 

Aydarko‘lga har yili qishlash uchun yanvar-mart oylarida 400ga yaqin, shulardan 13 turdagi xalqaro va 24 turdagi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qushlar uchib kelgan. Ko‘l va ko‘l atrofidagi ekotizim o‘zgarishi bu qushlarning ham migratsiya yo‘llarini o‘zgartirishi va yo‘qolib ketishiga olib kelishi mumkin.

Aydar-Arnasoy” ko‘llaridan unumli foydalanish va uni asrab-avaylash borasida Hukumatning tegishli qarori asosida ishlar tashkil etilmoqda. Jumladan, «O‘zdaverloyiha» davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan Jizzax va Navoiy viloyatlarining ko‘llar tizimiga tutash hududlari xatlovdan o‘tkazilgan. Suvni muhofaza qilish mintaqalari bo‘yicha dastlabki elektron xarita yaratilgan.

Jizzax viloyati hududida turizmni rivojlantirish bo‘yicha 11 ta loyiha ishga tushirilib, ichki turizm obektlari tomonidan 15 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ o‘zlashtirilgan.

Shuningdek, hududda 2022 yilning bahor mavsumida 200 gektar himoya o‘rmonzorlari barpo etilib, 2 km masofada chorvachilik bilan shug‘ullanishni cheklash bo‘yicha “Ekopatrul” tizimi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

Ko‘llar tizimi suv hajmini saqlab turish maqsadida Mirzacho‘l kollektorining nazorat punktida “aqlli suv” qurilmasi o‘rnatilib, suv hisobi olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Nazorat ishlari natijasida 2022 yil davomida ko‘llar tizimi 1 mlrd 918 mln metr kub ichki kollektor-drenaj suvlari bilan to‘yintirilgan”, — deyiladi qo‘mita axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, tashqi suv manbalaridan “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimiga joriy yilning 10 fevral holatiga 500 mln metr kubdan ortiq chuchuk suv tashlangan. Shuningdek, kelgusida ko‘llar tizimiga tashqi manbalaridan qo‘shimcha 1 mlrd metr kub chuchuk suv olish masalasi yuzasidan amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Kun.uz oldinroq Aydarko‘lda Orol qismati takrorlanishi mumkinligi, uning suv sathi pasayib, sohil kilometrlarga chekingani hamda hududda yashovchi aholi bundan xavotirda ekani haqida reportaj tayyorlagandi.

Bu O‘zbekistonda suv bilan bog‘liq yagona muammo emas: toliblar tomonidan Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali ham suv taqchilligi, qurg‘oqchilik va cho‘llanish kabi muammolar bilan kurashayotgan O‘zbekiston oldida yana bir jiddiy muammo paydo qilmoqda. Mazkur kanal qurib bitkazilsa, Amudaryoning deyarli 10 kub kilometr, ya’ni uchdan bir qism suvi Afg‘onistonning ichkari hududlariga oqib ketadi

Mavzuga oid
Top