12:14 / 17.02.2023
16083

Peterburgda Rossiya Mudofaa vazirligi amaldori o‘lik holda topildi

Marina Yankinaning jasadi o‘z kvartirasi derazalari ostida topildi, 16-qavatning balkonida politsiya ayolning shaxsiy buyumlarini aniqladi.

Foto: iStock

Sankt-Peterburgda Rossiya Mudofaa vazirligining G‘arbiy okrug bo‘yicha moliyaviy ta’minot bo‘limi boshlig‘i Marina Yankina o‘lik holda topildi. Bu haqda 16 fevral, payshanba kuni «Fontanka» va «Kommersant Sankt-Peterburg» nashrlari xabar berdi.

Kecha ertalab ayolning jasadi o‘z kvartirasi derazalari ostidan topilgan. G‘arbiy okrug matbuot xizmati hech qanday ma’lumot bermasdan, ayol ularning xodimi ekanligini tasdiqladi. Asosiy versiyaga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi «Kommersant». 16-qavatdagi kirish qismining umumiy balkonida politsiya Yankinaga tegishli ekani taxmin qilinayotgan hujjatlar va shaxsiy buyumlarni topdi.

G‘arbiy harbiy okrugdagi xizmatidan oldin Yankina Federal soliq xizmatida ishlagan, shuningdek, Sankt-Peterburgda mulk munosabatlari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lgan. 

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanganidan beri Rossiyada amaldorlar, deputatlar yoki yirik tadbirkorlarning o‘limi haqidagi xabarlar alohida e’tibor tortyapti. Biroq, hech bir holatda o‘lim tergovning rasmiy versiyasiga mos kelmasligi aniqlanmagan yoki isbotlanmagan. 

Dekabr oyida Hindistonda Vladimir viloyati qonunchilik yig‘ilishining «Yedinaya Rossiya» partiyasidan deputati, Rossiyaning eng boy deputatlari va davlat xizmatchilarining Forbes reytingini boshqargan Pavel Antov mehmonxona oynasidan qulab vafot etdi. 

1 sentabr kuni Moskvada «Lukoyl» neft kompaniyasi direktorlar kengashi rahbari Ravil Maganov vafot etdi. U davolanayotgan shifoxona derazasidan yiqilib tushgan. 2022 yilning may oyida Mitishchi shahrida «Lukoyl»ning yana bir sobiq top-menejyeri, milliarder Aleksandr Subbotin o‘lik holda topilgan edi. Rossiya Tergov qo‘mitasi o‘lim sababi o‘tkir yurak yetishmovchiligi ekanligini ma’lum qildi. 

Mart oyi boshida asli kelib chiqishi Ukrainadan bo‘lgan rossiyalik neft va gaz magnati Mixail Uotford Britaniyaning Surrey shahridagi uyining garajida osilgan holda topilgan edi. Mart oyi oxirida Rossiyaning yirik «MedStom» kompaniyasi rahbari, milliarder Vasiliy Melnikovning oilasi Nijniy Novgoroddagi kvartirada pichoq jarohatlari izlari bilan o‘lik holda topilgan. «Kommersant» yozganidek, tergov, jumladan, Melnikov o‘z yaqinlarini o‘ldirib, keyin o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan versiyani ko‘rib chiqmoqda. 

Aprel oyida politsiya Moskvadagi kvartiralardan birida «Gazprombank» sobiq vitse-prezidenti, millioner Vladislav Avayev, uning rafiqasi va 13 yoshli qizining jasadlarini topdi. Eshik ichkaridan qulflangan, tergovchilar uyga bostirib kirish va boshqa odamlarning izlarini topmagan, shuning uchun ular qotillikka maishiy mojaro sabab bo‘lgan deb hisoblayapti.

Top