16:50 / 18.02.2023
16460

“O‘zbekneftgaz”: O‘zbekiston o‘zining barcha gaz va neftga oid eksklyuziv huquqini 35 yilga Rossiya kompaniyalariga bermagan

Foto: O‘zbekneftgaz

Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufida 118 ta kon mavjud bo‘lib, shundan 85 ta kondan tabiiy gaz qazib olinmoqda. Qolgan 33 ta konlarda geologiya-qidiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu konlarning tabiiy gaz zaxirasi respublika umumiy gaz zaxirasining 49 foizi, ya’ni 1 trln kub metrga yaqin. Uglevodorodlarni qazib olishda jami 1 450 ta quduqlardan foydalanilmoqda va bularning barchasi, to‘liq “O‘zbekneftgaz” AJga tegishlidir. 

So‘nggi yillarda “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Respublika aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarining tabiiy gazga nisbatan ehtiyojini qondirish maqsadida Ustyurt, Buxoro-Xiva, Hisor va Farg‘ona regionlarida zaxiralarni ko‘paytirish hamda yangi konlarni ochishga qaratilgan geologiya-qidiruv ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.

Jamiyat tomonidan neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini sifatli va tezkor amalga oshirish maqsadida zamonaviy uskunalarga ega mahalliy va xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda Ustyurt, Buxoro-Xiva regionlarining katta chuqurlikdagi maydonlarida bir qator tadbirlar olib borilmoqda. “O‘zbekneftgaz” AJga Tog‘ kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan tayyorlangan 20 ta yangi maydonlar taqdim etilib, ularda yangi quduqlarni burg‘ilash ishlari olib borish rejalashtirilmoqda.

2020-2022 yillarda respublika hududida 4 000 km2 3D qidiruv ishlari bajarildi, 42 ta yangi maydonlar burg‘ilashga jalb etildi, 116 ta yangi quduq burg‘ilandi va natijada 12 ta yangi tabiiy gaz konlarini ochish bilan bir qatorda, 90 mlrd kub metrdan ortiq tabiiy gaz hamda 3,8 mln tonna suyuq uglevodorod zaxiralarini ko‘paytirishga erishildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2022 yilda “Yangi Olot”, “Yangi Tegirmon” va “Niyoz” kabi konlarning ochilishi bilan hozirda geologiya-qidiruv ishlarining asosiy tadbirlari “Tegirmon” konlari guruhi hamda “Niyoz” gazkondensat koniga qaratilgan. “Yangi Olot” va “Niyoz” konlarining har birida 2 tadan yangi quduqlarni burg‘ilash ishlari amalga oshirilmoqda.

Qazib chiqarish tadbirlar doirasida 2022 yilda 32,2 mlrd kub metr tabiiy gaz, 100,2 ming tonna neft va 1 428,3 ming tonna gaz kondensati mahsulotlari qazib olindi, 697,8 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarildi hamda gazni qayta ishlash zavodlarida tabiiy gazni qayta ishlash orqali 236,5 ming tonna oltingugurt 127,4 ming tonna polietilen ishlab chiqarishga erishildi.

Neft mahsulotlarini Buxoro neftni qayta ishlash zavodida qayta ishlash orqali qariyb 1 mln tonna benzin, 331 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 141 ming tonna aviakerosin ishlab chiqarildi. Shuningdek gazni o‘ta chuqur qayta ishlash natijasida yuqori texnologiyalarni jamlab olgan “GTL” zavodida 140 ming tonna dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishga erishildi.

2023 yilda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi konlardan uglevodorod xomashyosini qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarini shakllantirishga qaratilgan geologik-texnik tadbirlarni ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish jarayonini monitoring qilib borish maqsadida, dunyoda ilg‘or kompaniyalardan hisoblangan “Schlumberger” kompaniyasi tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq 2023 yil uchun “O‘zbekneftgaz” AJ makro invest dasturi ishlab chiqildi. 

Dasturga ko‘ra, 111 ta quduqni burg‘ilash, shundan 81 tasi ekspluatatsion quduq, 30 ta izlov-qidiruv qudug‘i, 56 ta quduqda mukammal ta’mirlash, 25 ta texnologik obektda qurilish, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlarini bajarish belgilangan.

Bundan tashqari, 552 ta quduqda joriy ta’mirlash hamda intensifikatsiya ishlarini olib borish natijasida bazaviy tabiiy gaz qazib chiqarishning 990,7 mln kub metr kamayishi oldi olinadi.

Konlarda tabiiy gaz qazib olish barqarorligini ta’minlash maqsadida “Janubiy Tandircha” konida siquv kompressor stansiyasi, “Sho‘rtan”, “Girsan”, “Cho‘lquvur” va “Yangikazgan” konlarida kichik kompressor stansiyalarini qurib ishga tushirish rejalashtirilgan. 

Kompressor stansiyalardagi 35 ta gaz turbinali dvigatellarni kapital ta’mirlash, shuningdek “Sho‘rtan”, “Tegirmon” va “Arslon” konlarida gazni dastlabki tayyorlash qurilmalarini qurish, konlarda gaz siqilishining oldini olish, o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida 192 km har xil turdagi gaz quvurlari qurish rejalashtirilgan.

2023 yilda ham geologiya-qidiruv ishlari doirasida yangi maydonlarda qo‘shimcha 50 ta quduq burg‘ilash hamda 1,5 ming kv km hajmda 3D seysmik ishlarni bajarish rejalashtirilgan. Buning uchun Tog‘ kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan tayyorlangan 25 ta yangi maydonlar taqdim etilib, ularning litsenziyalari rasmiylashtirildi. Hozirda ularda yangi quduqlarni burg‘ilash uchun maydonlarning pasportlarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Ustyurt mintaqasining yuqori istiqbolga ega bo‘lgan 4000-6500 metr chuqurliklardagi maydonlarning 3D seysmik ma’lumotlarini yangi “eXchroma” texnologiyalarida qayta atribut tahlil qilish orqali Sudochiy botiqligining chuqur geologik tuzilishini, quduqlarni burg‘ilashdan olingan barcha geologik-geofizik va boshqa ma’lumotlarni o‘rganish hamda hududning regional modeli asosida aniqlangan yangi mahsuldor qatlamlarning neftgazga istiqbolligi hamda uglevodorod resurslari baholash natijasida “Schlumberger” xalqaro servis kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlar olib boriladi.

Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan 2023 yilda tabiiy gaz qazib chiqarish 32,8 mlrd kub metr, neft 61,0 ming tonna, gaz kondensati 1 310,0 ming tonna, shundan suyultirilgan gaz 672,1 ming tonna ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati

Top