17:15 / 21.02.2023
260684

Yangi siyosiy konsensus izlab

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatning barcha sobiq prezidentlarini BAAda yig‘ib, uchrashibdi. Hatto Atambayevni qamoqdan chiqarib, Belarusdagi Bakiyevni ham chaqirib kelibdi. Uchrashuvda yana Asqar Akayev, Roza O‘tunboyeva, Jyeenbekov ham bo‘lgan. Bu voqea Qirg‘iziston siyosiy maydoni uchun kutilmagan voqea bo‘lgan, jamoatchilik junbishga kelgan. Japarov nima haqida o‘ylayapti, niyati nima?

Kollaj: Kun.uz

Qirg‘iziston – Markaziy Osiyoda, qolaversa, post-sovet hududida hokimiyat eng ko‘p almashgan davlat. Almashganda ham, ko‘proq rangli inqiloblar va muddatidan avvalgi hokimiyat yiqitishlari orqali almashdi. 2005 yilda Asqar Akayev, 2010 yilda Qurmanbek Bakiyev, 2020 yilda Sooronbay Jyeenbekov yiqitildi. Qolaversa, bu besh prezidentning o‘zaro munosabatlari juda og‘ir va ziddiyatli. O‘zaro gaplashmaydi, tanqid qiladi, o‘ch olishni o‘ylab yuradi.

Qirg‘izistonda siyosiy tarqoqlik hali ham kuchli, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat og‘ir. Kovid Ukrainadagi urushga bog‘lanib ketdi. Jamiyatning kayfiyati hech yerda yaxshi emas. Bo‘lib ham, Qirg‘izistondagi ijtimoiy kayfiyat yanada og‘irroq...

Japarov bitta maqsadni ko‘zlayapti. Yangi siyosiy konsensus izlayapti. U o‘tgan yillarda davlat Konstitutsiyasini o‘zgartirdi. Prezidentlik boshqaruvini qaytardi. Parlament boshqaruvini bekor qildi. Bir mandatlik prezidentlik muddatini ikki mandatlik muddatga almashtirdi.

Mana shu fonda, Japarov siyosiy elitaga yuzlanib, yangi siyosiy kelishuv taklif qilmoqda. Ma’nosi oddiy. “Iltimos, bo‘ldi, tinch yashaylik. Yarashaylik! Meni yiqitmanglar. To‘g‘ri, iqtisodda, ijtimoiy hayotda hammasi og‘ir. Lekin, kelishaylik, nima qilib beray?”

Ya’ni Japarov Qirg‘iziston siyosiy elitasiga murojaat qilib, markazlashgan davlat boshqaruvini legitimlashtirmoqchi, rangli inqiloblar zanjirini uzmoqchi. Siyosiy elitani o‘z atrofida birlashtirmoqchi.

Hokimiyatda xavotir uchun asos, yetarlidan ortiq. Qirg‘izistonda ijtimoiy barqarorlik uchun resurs mavjud emas. Rangli inqiloblar g‘oyasi ham qadrsizlangan. Jamiyat frustratsiyaga yuz tutganda, hech kim xalqni tinchlantira olmaydi. Lekin, ijtimoiy bo‘hronlar har doim siyosiy elita ichida paydo bo‘ladi va keyingina ko‘chalarga chiqadi.

Japarov hokimiyatdan yiqilgan keyingi prezident bo‘lishni istamayapti. Shuning uchun, sobiq prezidentlarni bir stol atrofiga yig‘ib, “yarashaylik, endi yiqitari yo‘q!” deya kelishib olmoqchi. Sobiq prezidentlarning uchrashuvi, siyosiy elitadagi zo‘riqishlarni biroz pasaytiradi, ginalarni qisman aritadi.

Lekin rangli inqiloblar yoki hokimiyatni yiqitishlar to‘xtamaydi. Sababi, qirg‘iz jamiyatidagi hokimiyat talashuvning boshqa formulasi yo‘q. Resurslar cheklangan, siyosiy madaniyat shakllangan. Bu davlatning eng katta nuqsoni – undagi erkinlik siyosiy konsensus va jamiyatning xavfsizligiga asoslanmaganligi. Ya’ni siyosiy o‘yin qoidasi shakllanib bo‘ldi: kim vaziyatdan foydalanib, xalqni ko‘chaga olib chiqa olsa, hokimiyat o‘shaniki bo‘ladi. Aynan shu yo‘l bilan hokimiyatga kelgan Japarov, shu o‘yin qoidasini o‘zgartirmoqchi...

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzu
Rabbimov fikri
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi mualliflik kolonkasi
Barchasi
Top