11:35 / 22.02.2023
15562

“Sudyalar to‘liq tergov organi izmida qolyapti” – Namangan viloyat sudi raisi

“Etni junjiktiruvchi statistika” haqida gapirarkan Namangan viloyat sudi raisi lavozimiga tayinlangan Alisher Usmonov advokatlar bilan uchrashuvda sudyalar hamon tergov organi izmida ekani, sud amalda jazolovchi funksiyasini bajarayotganini e’tirof etdi.

Sud raisining aytishicha, 2022 yilda Namanganda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llashni so‘rab 2029 ta iltimosnoma kiritilgan. Shundan 2024 ta yoki 99,75 foiz (!) iltimosnoma qanoatlantirilgan. Boshqa viloyatlarda ham ahvol taxminan shunday, nari borsa bir foiz ortiq yoki kam bo‘lishi mumkin. Respublika bo‘yicha esa 97,8 foiz hollarda sudlar qamoq ehtiyot chorasini tayinlagan, deb Alisher Usmonovning so‘zlarini keltirmoqda advokatnews.uz nashri. 

A.Usmonov buni “etni junjiktiruvchi statistika”, deya baholagan.

“Ha, qiladigan ish hali ko‘p. Ochig‘i, biz chinakam odil sudlov tizimini qurish yo‘lining boshida turibmiz xolos”, deydi A.Usmonov.

Viloyat sudi raisining ushbu gaplari shuncha yillardan buyon o‘tkazilayotgan sud-huquq islohotlari natija berayotganini jiddiy savol ostida qoldiradi.

Ma’lumot uchun, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari vazifasida ishlagan Alisher Ataxanovich Usmonov 2022 yilning dekabrida sudyalik lavozimidan bo‘lishning navbatdagi o‘n yillik, shundan besh yil muddatga Namangan viloyati sudi raisi etib tayinlangandi.

Top