Quriliş va uy-joy kommunal xöjaligi sohasida nazorat qiliş inspeksiyasining Toşkent şahar hududiy nazorat inspeksiyasi ma’lumotiga köra, Yaşnobod tumani Uççinor mahallasi hududida «PERFECT-MANSIONS» MÇJ tomonidan qurilayotgan köp qavatli turar joy binosi, uning pastki qavatlarida joylaşgan savdo-maişiy majmua hamda yertöla qismidagi avtoturargoh qurilişi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarori 5-ilovasi talablariga zid ravişda amalga oşirilayotgani aniqlangan. Xususan, obektda belgilangan tartibda hududiy inspeksiyada röyxatdan ötmasdan, özboşimçalik bilan yer işlari olib borilgan.

Kun.uz’da mavjud hujjatga köra, «PERFECT-MANSIONS» MÇJ şaharsozlik normalari va qoidalarini buzgan holda, quriliş sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan röyxatdan ötmasdan, qurilişga ruxsat beruvçi huquqiy jarayonlarni rasmiylaştirmasdan özboşimçalik bilan köp qavatli turar joy majmuasini barpo etişni boşlagan.

Toşkent şahar prokuraturasining Kun.uz’ga ma’lum qilişiça, «PERFECT-MANSIONS» MÇJ mansabdor şaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat taşkilotida mansabdor şaxslar tomonidan öz vakolatlarini suiiste’mol qiliş) bilan jinoyat işi qözğatilgan. Tergovni şahar prokuraturasining Öta oğir jinoyatlarni tergov qiliş bölimi olib bormoqda.

Avvalroq jamoatçilikka «Imarat development» nomi bilan tanilgan Marat Hamdamov loyihalari haqida Kun.uz e’lon qilgan suriştiruvda «Tuzel Park» turar joy majmuasi haqida ham söz borgandi.

Unda fuqaro Ziyoda Oçilova uşbu loyihadan 1 xonali xonadon uçun qariyb 134 mln söm pul tölagani, ammo ma’lum vaqt ötsa-da, quriliş boşlanavermagaç, şartnomani bekor qilişga ariza yozgani haqida aytgandi.

Şu yil iyul oyida poytaxt hokimligi 59 ta obektda quriliş töxtatilib, elektr tarmoğidan uzib qöyilgani haqida xabar bergandi. Uşbu röyxatda «Tuzel Park»ni qurayotgan «PERFECT-MANSIONS» MÇJ ham mavjud.

Oçiq ma’lumotlarga köra, «PERFECT-MANSIONS» MÇJning ustav kapitaliga Bahrom Saitov (98 foiz) va Muhammad Dilşodov (2 foiz) egalik qiladi. Firma rahbari Ilhom Boboqulov. «Imarat development» yoki Marat Hamdamov ta’sisçilar yoki boşqaruv tarkibida rasman körinmaydi.