11:16 / 25.02.2023
8773

Polsha dastlabki Leopard 2 tanklarini Kiyevga berganini ma’lum qildi

Polsha Mudofaa vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «Leopard» tanklarining birinchi partiyasi Ukrainaga yetkazilgan. Bosh vazir Moravetskiy e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga keldi.

Foto: Reuters

Polsha va’da qilingan 14 ta tankdan dastlabki Leopard 2 tanklarini yetkazib berdi. Bu haqda 24 fevral, juma kuni Milliy xavfsizlik kengashining ochilishida Polsha bosh vaziri o‘rinbosari, milliy mudofaa vaziri Mariush Blashchak ma’lum qildi.

Bosh vazir Mateush Moravetskiy «bu yerda qatnasha olmayapti», dedi prezident Anjyey Duda. U, o‘z navbatida, vazirlar mahkamasi rahbari Kiyevga zirhli texnikalar yetib borganini rasman e’lon qilishini qo‘shimcha qildi.

Gap «Ukrainaga yetkazilgan birinchi partiya» haqida ketmoqda, dedi Duda. U qancha tankni o‘z ichiga olganligini aniqlashtirmadi.

Blashchakning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik harbiylar Polsha g‘arbidagi Sventoshuv shahrida polshalik, kanadalik va norvegiyalik instruktorlar tomonidan o‘qitiladi.

Ayni vaqtda, Polsha bosh vaziri Moravetskiy oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga yetib keldi, deb xabar qildi vazirlar mahkamasi rahbari kanselyariyasi.

Moravetskiy Ukraina poytaxti markazidagi «Ukraina birligi uchun halok bo‘lganlar xotirasi devori»ga gulchambar qo‘ydi. Polsha hukumati rahbari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Ukraina bosh vaziri Denis Shmihal bilan uchrashdi.

«Rossiya jangovar harakatlar boshlaganidan bir yil o‘tib, Bosh vazir Moravetskiy Kiyevga kelib, Ukrainani Rossiyadan himoya qilishni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlash haqida aniq signal berdi», dedi Polsha hukumati matbuot kotibi Petr Myuller.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top