11:48 / 27.02.2023
10824

«Faqat «ma’naviy» yordam» - Xitoy Rossiyaga qurol yetkazib berishdan nega o‘zini tiymoqda?

Xitoy tashqi siyosatda «mustaqilmiz, Rossiya bilan munosabatlarni o‘zimiz hal qilamiz», deydi. Lekin real amaliyotda o‘ta pragmatik davlat. Bugungi kunda ham, Rossiyaga og‘zaki «ma’naviy yordam» bersa-da, AQSh va Yevroittifoq bilan iqtisodiy hamkorligi pasayishiga sabab bo‘ladigan harakatlardan tiyilmoqda, deydi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Kun.uz muxbiri siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov bilan Rossiya-Ukraina urushi atrofidagi voqealar, Rossiyaga nisbatan AQSh va Xitoy yuritayotgan siyosat borasida suhbatlashdi.

— Rossiyaning global yirik ittifoqchilaridan biri – XXR. Myunxen konferensiyasidan keyin XXR sobiq tashqi ishlar vaziri Van I bir necha kunlik tashrif bilan Moskvada bo‘ldi. Xitoyning pozitsiyasi juda qiziq bu urushda: bir tarafdan Ukrainaning hududiy yaxlitligini ta’kidlaydi va bu bilan Rossiyaga qarshi ekanini bildiradi. Ya’ni o‘sha hududlarning annexia bo‘lishini istamaydi. Chunki Xitoyning o‘zining ma’lum bir hududiy muammolari bor, ya’ni Tayvanni o‘ziga qo‘shib olishni istaydi. Xalqaro e’tiroflarga ko‘ra, Tayvan – uning hududi.

Ikkinchi tomondan esa Rossiyani o‘ziga ittifoqchi ko‘rib, AQShga qarshi turishni istaydi. Chunki barcha ekspertlar biladiki, 21-asr – XXR va AQSh o‘rtasidagi «tirashuv» asri. Chunki bugun dunyoning ikkinchi qudrati, YaIM ulushiga ko‘ra birinchi iqtisodiy kuch bu – Xitoy. Xitoyda YaIMning nominal ko‘rsatkichi AQShnikidan biroz pastroq, lekin sotib olish qudrati bilan birinchi o‘rinda (AQShdagi 1 dollar bilan Xitoydagi 1 dollar qiymati farq qiladi). Dunyo YaIMdagi AQSh ulushi taxminan 15 foiz bo‘lsa, Xitoyniki 18 foiz. Dunyo miqyosidagi 3 foiz nihoyatda katta ko‘rsatkich.

Shuning uchun ham Van I bugungi kunda Moskvada bo‘lib, qandaydir vositachilik qilishga harakat qilyapti. Unga Bayden tomonidan yoki Blinken tomonidan, umuman, kollektiv G‘arb tomonidan savollar qo‘yilyapti. Borrel ham intervyu berib aytdiki, «Biz Xitoy mulozimlariga ochiqdan ochiq savol berib aytdik: sizlar Rossiyaga qurol yoki g‘alaba qilishi uchun qandaydir yordam beryapsizmi, degan masalaga yo‘q deb javob berishdi. Biz vaziyatni kuzatishda davom etamiz», degan so‘zlar yangradi. Demak, Xitoyga ham katta bosim bo‘lyapti. Xitoy esa o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, Rossiyaga «ma’naviy yordam» bersa-da, lekin uning savdo-iqtisodiy hamkorligi kollektiv g‘arb bilan nihoyatda katta. Bu yerda muvozanat saqlashga majbur bo‘ladi.

Umuman olganda, so‘nggi 5-6 oyda Xitoy va Rossiya o‘rtasida og‘zaki darajada do‘stlik saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, hamkorligi nisbatan pasayib boryapti, menimcha. Bu ham Rossiyaning global maydonda ittifoqchilari kamayib borayotganini ko‘rsatadi.

— Yevropa ittifoqi rahbarlari aytyaptiki, Xitoy qurol-yarog‘ yetkazib beradigan bo‘lsa, «qizil chiziq»dan o‘tganini bildiradi. Agar, nazariy jihatdan shunday holat yuz bersa, kollektiv g‘arbda Xitoyga qarshi qo‘llaydigan biror ta’sir chorasi bormi?

— Xitoyga ta’sir qiluvchi eng asosiy vosita – savdo-iqtisodiy aloqalarni qisqartirish. Ya’ni Xitoy istamaydigan narsa bu – sanksiyalar. Tayvan masalasida ham Xitoy vaziyatni kuzatdi.

Savol paydo bo‘ladi: nima uchun Rossiya kutilmaganda Ukrainaga bostirib kirdi? Rossiya atrofidagi ekspertlar aytadiki, 20 yillik urushdan keyin Afg‘onistonda yengilgan AQSh zaiflashdi, degan xulosaga keladi Putin. Agar urush boshlasak, AQSh Ukrainaga yordam berolmaydi, degan fikr bilan urushni boshlaydi.

Xitoy va AQSh o‘rtasida Obama va Tramp davrida ham savdo-iqtisodiy urushlar bo‘ldi. Bugun munosabatlar kichik-kichik qadamlar bilan me’yoriylashyapti. Xitoy esa bu munosabatlarining qaytadan buzilishini istamaydi. Shuning uchun ham ta’sir qilish chorasi savdo-iqtisodiy munosabatlarni pasaytirish: Xitoy mahsulotlariga qo‘shimcha soliqlar joriy qilish, Xitoy tovarlarini cheklash va shu orqali Xitoyga juda ham katta zarar yetkazilishi mumkin. Albatta, Xitoy buni istamaydi.

Xitoy siyosatini tushunish kerak. «Biz mustaqil davlatmiz va mustaqil qudratmiz. Rossiya bilan munosabatlarni sizning qosh-qovog‘ingizga qarab belgilamaymiz» deydi Xitoy. Lekin real amaliyotda o‘ta pragmatik davlat. Ya’ni AQSh va Yevropa ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorligini pastga tushishiga sabab bo‘ladigan xatti-harakatlardan tiyilib turibdi bugungi kunda ham.

  • To‘liq intervyuni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Top