16:11 / 02.03.2023
6453

Senator “Argos.uz” tizimida g‘olib chiqqanlar o‘rniga boshqalar ishga kirib ketayotganini tanqid qildi

Senatning 37-yalpi majlisi davom etmoqda. Kun.uz muxbiriga ko‘ra, majlisda senator Farmon Toshev ham so‘zga chiqib, 2023 yilda Senat alohida nazoratga olishi kerak bo‘lgan qator yo‘nalishlarni sanab o‘tgan.

Foto: Senat axborot xizmati

Senatorning aytishicha, davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining ochiq portali – “Argos.uz”da imtihondan o‘tgan ayrim nomzodlar o‘rniga boshqalar ishga joylashib ketayotgani yoki tanlovlarda g‘olib bo‘lganlar o‘rni almashib qolayotgani muammoli jihatlardan hisoblanadi.

“Argos”, tanlovlar bu – yangi O‘zbekistonning shakllangan tizimi. Biz uni mustahkamlashimiz kerak. “Argos”da g‘olib chiqdimi, qo‘ysin, nima uchun boshqasi o‘tib ketadi? Uning obro‘yini ko‘tarishimiz kerak. Kadrlar tayyorlashda ham.

Tanlovlar – qurilishdami, yo‘ldami... Uning shaffof deyilishi hech kimga ko‘rsatilmaydi degani emas. Bular hamma biladigan narsa bo‘lishi kerak. Yutgan odam olishi kerak. Ishlagandan keyin tahlil qilish kerak. Bu mexanizmlarni takomillashtirish kerak”, – degan Farmon Toshev.

Ma’lumot uchun, vacancy.argos.uz portali faoliyati prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 3 oktyabrdagi farmoni bilan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan.

Portal davlat organlari va tashkilotlarining vakant lavozimlariga kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish maqsadida ishlab chiqilgan. Bunda 2021-2022 yillar davomida 68 ta davlat organi va tashkilotlari, hamda 208 ta tuman (shahar) hokimliklari (ularning hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari kesimida — 14 412 ta tashkilot, shundan 13 542 tasi 2021 yilda ulangan) ulangan.

2021-2022 yillar davomida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan vakant lavozimlar uchun 140 ming 700 ta tanlov e’lon qilindi.

Tanlovlarda 1,3 mlndan ziyod nomzod ishtirok etgan bo‘lib, ularning 45 ming 349 nafari tanlov g‘olibi (shu jumladan, 2021 yilda 6 016 nafar, 2022 yilda 39 333 nafar) sifatida vakant lavozimlarni egallagan.

Top