11:57 / 03.03.2023
5981

JSST epidemiologi parranda grippi pandemiyasi xavfidan ogohlantirdi

Bu muammo parranda go‘shti keng tarqalgan o‘rta va o‘rta daromaddan past bo‘lgan uy xo‘jaliklari orasida, qishloq joylarida xavfli bo‘lishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti epidemiologi Richard Pibodi dunyoda parranda grippi (H5N1) pandemiyasi boshlanishi xavfidan ogohlantirdi.

Mazkur virus tez mutatsiyaga uchrab, nafaqat qanotli jonzotlar, balki bemorlardan ham yuqish hamda keng tarqalish xususiyatiga ega va odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin.

«Shu bois yangi pandemiyaga tayyor turishimiz kerak. Hozir ilmiy hamjamiyat viruslarni kuzatmoqda va agar zarurat tug‘ilsa, maxsus vaksinalar ishlab chiqariladi», deydi ekspert.

Qayd etilishicha, bu muammo ayniqsa, parranda go‘shti keng tarqalgan o‘rta va o‘rta daromaddan past bo‘lgan uy xo‘jaliklari orasida, qishloq joylarida xavfli bo‘lishi mumkin.

Ushbu o‘ta patogen parranda grippi tarqalishi birinchi marta 1996 yilda qayd etilgan. 2003 yildan boshlab kasallik holatlari o‘z faoliyatining xususiyatiga ko‘ra qushlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan odamlarda qayd etila boshlandi. Grippning bu shtammi virusli pnevmoniya, o‘tkir respirator distress sindromini keltirib chiqaradigan pastki nafas yo‘llaridan tez tarqalishi tufayli xavflidir.

Avvalroq JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus ham mamlakatlar yangi pandemiya ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rishlari zarurligi haqida ogohlantirgandi.

So‘nggi haftalarda norka, tulki, dengiz mushugi kabi bir qator sut emizuvchilar turkumiga mansub yovvoyi hayvonlarda parranda grippi (H5N1) virusi aniqlangani ma’lum qilingandi.

1996 yildan buyon bu xastalik yovvoyi qush va mahalliy parrandalar orasida tarqalib keladi. Endi esa u sut emizuvchilar turkumiga mansub jonivorlarga yuqayotgani xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu xastalik kamdan kam holatlarda odamlar o‘rtasida tarqalishi qayd etilgan.

«Ammo bu holat kelajakda ham faqat shunday davom etishini taxmin qilolmaymiz, — degandi T. Gebreyyesus. — Shunday ekan, har qanday o‘zgarishlarga tayyor bo‘lishimiz kerak. Odamlar esa infeksiyadan zararlangan va kasallikdan o‘lgan hayvonlarga yaqinlashmasliklari zarur».

JSST rahbari COVID-19 pandemiyasi barcha uchun saboq bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. «To‘g‘ri, hozir koronavirus bilan kurashish tajribasiga egamiz. Ammo qurbonlar ko‘p bo‘ldi va hozir ham kasallik minglab bemorlar o‘limiga olib kelmoqda», degan u.

Mavzuga oid
Top