07:52 / 07.03.2023
10292

Rossiya YeXHT bilan harbiy ma’lumotlar almashishdan bosh tortdi

Rossiya Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Vena hujjati doirasida qurolli kuchlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashinuvida ishtirok etishdan bosh tortishni G‘arb davlatlarining harakatlariga javob deb atadi.

Foto: AP

Rossiya Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) a’zolari uchun 2011 yilgi Vena hujjatida nazarda tutilgan qurolli kuchlar to‘g‘risidagi yillik ma’lumotlar almashinuvida ishtirok etishdan bosh tortdi. Bu haqda 6 mart, dushanba kuni Amerika qurollarini nazorat qilish assotsiatsiyasi Rossiya tomoni va ismi oshkor etilmagan Yevropa vakilining maktubiga tayanib ma’lum qildi.

Harbiy xavfsizlik masalalari bo‘yicha Venada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi rahbari Konstantin Gavrilov RBKga bergan izohida bu ma’lumotni tasdiqladi.

16 yanvarda Gavrilov YeXHT Xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik forumi raisi bo‘lgan Bosniya va Hersegovina vakili Sinisa Benkunga tegishli maktub yo‘llaganida Rossiya 2023 yil uchun qurolli kuchlari to‘g‘risida ma’lumot bermaslik to‘g‘risida tomonlarni xabardor qilgan edi. Gavrilovning maktubida ta’kidlanganidek, bu qadam Chexiya Respublikasining Rossiya oldidagi «majburiyatlarini to‘xtatib turish» to‘g‘risidagi qarori va Ukrainaning bu yil Vena hujjati bo‘yicha yillik harbiy ma’lumotlar almashinuvida ishtirok etishdan bosh tortishi bilan bog‘liq.

«Diplomatiyaning asosiy tamoyili o‘zaro tushunishdir. Biz Rossiya qurolli kuchlari haqidagi ma’lumotlar uzatilgan taqdirda, bizning ma’lumotlarimiz ko‘rsatilgan davlatlarga yetib borishiga yo‘l qo‘ya olmadik», - dedi Gavrilov RBKga.

Maktubda Rossiya tomoni kelishuvning bir qator boshqa tomonlarini, jumladan Bolgariya, Polsha va Fransiyani ham Rossiyani o‘z harbiy bazalariga taklif qilmagani uchun Vena hujjatining turli bandlariga rioya qilmaslikda ayblagan.

Ishonch va xavfsizlik choralari bo‘yicha Vena hujjati 2011 yil 30 noyabrda qabul qilingan. Uning maqsadi YeXHTga a’zo mamlakatlarda ishonch va xavfsizlikni mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, barqarorlikni oshirish va harbiy mojarolar xavfini kamaytirishdan iborat.

Top