11:37 / 07.03.2023
13649

Samarqandda fuqarodan 5 ming dollar talab qilgan sobiq IIB xodimi qo‘lga olindi

Sobiq xodim fuqaroni qo‘rqitib, uning ishini ijobiy hal qilib berishini aytib, 5 000 dollar so‘ragan va pullarni olayotganida ushlangan.

Samarqand shahrida yashovchi fuqaro viloyat IIBga murojaat qilib, o‘ziga nisbatan tovlamachilik qilmoqchi bo‘lgan shaxsga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Viloyat IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, fuqaro Samarqand shahar IIO FMB 7-sonli IIBga murojaat qilib borgan vaqtida, u yerda notanish bir kimsa o‘zining IIVda ishlashini aytib, nima sababdan u yerga kelganini so‘rab bilgan.

So‘ng fuqaroni qo‘rqitib, ishini ijobiy hal qilib berish evaziga undan 5 000 dollar talab qilgan. Fuqaro o‘sha kimsa bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatni telefoniga yozib olgan va uni IIV ShXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlariga topshirgan.

Fuqaroning arizasiga asosan 2023 yil 2 mart kuni IIV ShXBB Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda o‘zini ichki ishlar xodimi deb tanishtirgan shaxs fuqarodan 5 000 dollarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Ushbu fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilganda u 1992 yil Past Darg‘om tumanida tug‘ilgani, muqaddam ichki ishlar organlarida ishlab keyin bo‘shagani va bugun vaqtincha ishsiz ekani ma’lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Top