10:15 / 09.03.2023
3083

Mo‘g‘uliston O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda

O‘zbekistonda joriy yilda Mo‘g‘uliston elchixonasi ochilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov va Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetsegning 8 mart kuni Toshkentdagi uchrashuvida shu masala muhokama qilindi. Hozir Toshkentda Mo‘g‘ulistonning faxriy konsulligi bor.

Foto: Telegram / Baxtiyor Saidov

«Mo‘g‘ulistonning O‘zbekistonda elchixona ochish qarorini olqishlaymiz. So‘nggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar barcha sohalarda ijobiy dinamika ko‘rsatdi», — deb yozdi Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida. 

Joriy yil boshida Batmunx Batsetseg Mo‘g‘uliston O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy va savdo ishtirokini kengaytirish uchun muhim davlat sifatida ko‘rishini ma’lum qilgan edi. 

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokaralarda hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish, savdo doirasini diversifikatsiya qilish va qo‘shma hamkorlik loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston ishchi guruhi, shuningdek, Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish masalalarini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

7 mart kuni boshlangan va 10 martga qadar davom etadigan tashrif doirasida Batmunx Batsetseg va Mo‘g‘ulistonning boshqa rasmiy vakillari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi, sarmoya, sanoat va savdo, transport vazirliklari hamda Vazirlar Mahkamasida ham uchrashuvlar o‘tkazmoqda.  

Top