19:46 / 09.03.2023
10950

O‘zbekistonlik ko‘ngillilar Hatoyda aholi uchun har kuni palov tayyorlamoqda

O‘zbekistonliklar Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etishga hissa qo‘shishda davom etmoqda.

Foto: Anadolu

Fevral oyidagi vayronkor zilzilalardan jabr ko‘rgan Hatoy viloyatining Iskenderun shahriga yetib kelgan o‘zbekistonlik oshpazlar halokat zonasi aholisiga ulkan qozonlarda tayyorlagan an’anaviy palov tarqatmoqda. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

50 kishidan iborat o‘zbekistonlik ko‘ngillilar keng ko‘lamli tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida zilzilalarning ikkinchi kunidayoq Hatoy viloyatiga yetib keldi. Safar O‘zbekiston madaniyat, tadqiqot va birdamlik uyushmasi ko‘magida tashkil etilgan.

Ko‘ngillilar muhtojlarga insonparvarlik yordamini tarqatish bilan birga, Iskenderunda tashkil etilgan dala oshxonasida ovqat ham tayyorlamoqda.

Qayd etilishicha, o‘zbekistonlik oshpazlar har kuni ertalab 16 ming kishiga taom tayyorlamoqda, jumladan, zilziladan jabr ko‘rgan Iskenderun, Qirixon va Antokiya hududlariga an’anaviy o‘zbek palovi yetkazib berilmoqda.

Guruh koordinatori Azizbek Muhammadiyev so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik ko‘ngillilar 6 fevralda zilzila yuz berishi bilanoq falokat hududiga yetib borgan. 20 nafar ko‘ngilli qidiruv-qutqaruv ishlarida ishtirok etgan.

Muhammadiyev qidiruv-qutqaruv guruhlari ish nihoyasiga yetgach, hududni tark etgani, oshpazlar esa o‘z vazifasini bajarishda davom etayotganini qayd qildi.

«Dastlab 1500 kishiga osh tarqatishni rejalashtirgan edik, biroq issiq ovqatga zudlik bilan ehtiyoj borligini ko‘rib, hajmni oshirdik. Antokiya va uning atrofidagi viloyatlarga 10 ming kishiga oziq-ovqat olib boramiz, bu yerda esa 6 ming kishiga issiq ovqat yetkazib beramiz. Biz chodirlarga boramiz. Odatda biz o‘zbek palovini pishiramiz, uni pishirish uchun 50 kg go‘sht kerak bo‘ladi. Hozir 5 oshpaz va 15 yordamchi bor, 10 kishi issiq ovqat tarqatmoqda», dedi koordinator.

6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida magnitudasi yetti balldan ortiq bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi. 9 mart holatiga dahshatli zilzila qurbonlari soni 46,1 ming kishidan oshdi.

Mavzuga oid
Top