15:44 / 10.03.2023
12214

Kim Chen In «haqiqiy urush» uchun manyovrlarni kuchaytirishni buyurdi

Artilleriya mashg‘ulotlarini kuzatgan KXDR yetakchisi harbiylarga «ikkita strategik vazifa: birinchidan, urushni to‘xtatish, ikkinchidan, urushda tashabbusni o‘z qo‘liga olish»ga tayyor bo‘lish kerakligini aytdi.

Foto: KCNA/Kyodo

Koreya yarimorolida keskinlik kuchaygan bir paytda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In «haqiqiy urush» ehtimoli bo‘yicha yanada jadalroq manyovrlar o‘tkazishni buyurdi. 10 mart, juma kuni KCNA Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi xabar qilganidek, Kim Chen In qizi bilan hamrohlikda dala artilleriya mashg‘ulotlarini kuzatgan.

Agentlik tomonidan e’lon qilingan suratlar manyovrlar davomida bir vaqtning o‘zida kamida oltita raketa uchirilganini ko‘rsatadi. «Zarba berish missiyalari» uchun tayyorlangan bo‘linma «belgilangan suvlarga kuchli zarba» berdi va «haqiqiy urushga qarshilik ko‘rsatish» qobiliyatini namoyish etdi, deb yozadi KCNA. 

Kim Chen In mashg‘ulotlarni ko‘zdan kechirar ekan, harbiylarga «ikkita strategik vazifani: birinchidan, urushni to‘xtatish, ikkinchidan, urushda tashabbusni o‘z qo‘liga olish»ga tayyor turishni aytdi. Shimoliy Koreya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bunday bo‘linmalar «turli vaziyatlarda haqiqiy urush uchun turli simulyatsiya mashqlarini doimiy ravishda kuchaytirishi» kerak. 

Koreya yarimorolidagi vaziyat so‘nggi bir necha hafta ichida yana keskinlashdi. Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirining xalqaro tashkilotlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Kim Sung Kyun 5 mart kuni BMTni AQSh va Janubiy Koreya qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini zudlik bilan to‘xtatishni talab qilishga chaqirdi va bu mashg‘ulotlar «mas’uliyatsiz keskinlik» ekanini aytdi. 

3 mart kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida Janubiy Koreya va Amerika harbiylari vakillari 13-23 mart kunlari so‘nggi besh yildagi eng yirik «Ozodlik qalqoni» mashg‘ulotlarini o‘tkazishlarini ma’lum qilishdi. 

Mavzuga oid
Top