11:11 / 11.03.2023
13930

Fazoni «zabt etgan» itlar: Belka va Strelkaning olamshumul parvozi qanday amalga oshirilgan edi?

1960 yilda sovet konstruktorlari ichida bir juft it bo‘lgan «Sputnik-5» kosmik kemasini fazoga uchirishadi. Kosmik kema qaytib tushishda halokatga uchraydi va itlar nobud bo‘ladi. Konstruktorlar «Sputnik-5»ni yanada mukammallashtirishadi va ikkinchi parvozda uchgan Belka va Strelka laqabli itlar Yerga sog‘-salomat qaytib tushishadi. Oradan bir yil o‘tib avval SSSR, so‘ng AQSh fazoga odam uchiradi. Shu tariqa har ikki davlat o‘rtasida kosmik poyga boshlanib ketadi.

Foto: Kun.uz

XX asr kashfiyotlarga boy bo‘ldi. Insoniyat osmonda uchdi, fazoga chiqdi. Suvosti kemalari yaratildi. XXI asrda rivojlangan barcha sohalarga tamal toshlari qo‘yildi.

Ayniqsa, yer orbitasi chegarasidan o‘tib ochiq fazoga chiqish insoniyat uchun muhim kashfiyot bo‘ldi. Kosmosga ilk marotaba inson emas, to‘rtta it uchirilganini va ulardan bir jufti Yerga qaytib tushmaganini ko‘pchilik bilavermaydi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoning yirik rivojlangan davlatlari nafaqat geosiyosiy masalalarda, balki qurollanish masalasida ham raqobat qila boshlashadi.

Atom bombasi yaratilgandan so‘ng uni uzoq masofaga tashuvchi ballistik raketalar yaratiladi. Undan keyin kosmosni o‘zlashtirish uchun harakatlar boshlanadi. Biroq bu oson emasdi.

Har ikki jabhada AQSh va SSSR o‘zaro raqobat olib borardi. Sovetlar atom bombasini yaratishda 4 yilga kechikkani uchun (AQSh 1945 yilda, SSSR 1949 yilda ilk sinovlarni o‘tkazgan) ballistik raketalar va kosmik parvoz sinovlarini AQShdan oldin o‘tkazishga zo‘r berardi.

Oxir-oqibat sovetlar juda katta xarajatlar va halokatlar evaziga kosmosga parvoz qilishda birinchi bo‘lishdi.

Boyqo‘ng‘ir kosmodromi, 1960 yillar
realt.onliner.by

Ungacha, 1960 yilda Boyqo‘ng‘ir kosmodromida R-16 qit’alararo ballistik raketasi sinov parvoziga sanoqli minutlar qolganda portlab ketadi. Oqibatda, 100 dan oshiq odam halok bo‘ladi.

1961 yil 23 mart kuni Moskva viloyatidagi kosmonavtlarni parvozga tayyorlash markazida fojia yuz beradi. Vaznsizlik holatiga moslashish uchun maxsus kabinada bo‘lgan kosmonavt Valentin Bondarenko u yerda sodir bo‘lgan yong‘inda og‘ir tan jarohatlari oladi va shifoxonada vafot etadi.

Har ikkala hodisa nafaqat ommadan, balki davlat xizmatchilaridan ham sir tutiladi. Chunki «dushman» AQSh bu muvaffaqiyatsizliklar haqida xabar topmasligi kerak edi.

Keyinchalik, SSSR tarqab ketganidan so‘ng har ikki halokatning tafsilotlari oshkor bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, Korolyov Gagarindan oldin ilk parvozga Bondarenkoni tayyorlagan. U halok bo‘lgach fazoga Gagarin uchirilgan.

Gagarindan avval fazoga uchishi belgilangan Valentin Bondarenko
Foto: blogs.20minutos.es

Parvozga tayyorgarlik

1957 yil 4 oktyabr kuni SSSR konstruktorlari «Sputnik-1» kosmik kemasini muvaffaqiyatli uchirishadi. Shundan sovet rahbariyati tomonidan Sergey Korolyovga fazoga parvoz qilish masalasida topshiriq beriladi. Unda raketaga tirik jon uchirish va uni eson-omon yerga qaytarish sharti qo‘yilgandi.

Bu orada 1957 yil 3 noyabr kuni Korolyov boshchiligidagi mutaxassislar ichida Layka laqabli it bo‘lgan Sputnik-2 kosmik kemasini fazoga chiqarishadi. O‘shanda it bilan uchirilgan kemaning Yerga qaytib tushishi reja qilinmagandi.

Shundan so‘ng Korolyov keyingi parvozda ham itlarni sinab ko‘rishni maqsad qiladi va to‘rt oyoqli jonivorlarni sinovdan o‘tkaza boshlaydi. Bu safar parvoz qilgan itlarni Yerga eson-omon qaytarish maqsad qilinadi.

Itlar bir qator qoidalar bo‘yicha tanlab olinadi. Ularning og‘irligi 6 kilogrammdan oshmasligi, balandligi 35 santimetrgacha bo‘lishi, yoshi esa 2 dan 6 yoshgacha bo‘lishi lozim edi.

Sergey Korolyov
www.alamy.com

Bundan tashqari, tanlab olingan itlar yoqimtoy bo‘lishi va muvaffaqiyatli parvozdan so‘ng gazetalarda surati chiroyli ko‘rinishi kerak edi.

Ko‘plab itlarni ko‘zdan kechirgan Korolyov ulardan o‘n ikkitasini tanlab oladi. Sinovlarning so‘ngida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ikki nafar it qoldirilishi reja qilingandi.

Korolyov itlarni juft holda uchirishni rejalashtiradi. Shu sababli ularning yarmi urg‘ochi, yarmi erkak itlar edi. Itlar bir-biri bilan topishgach keyingi bosqichda ularni juftlarga bo‘lib chiqishadi.

Parvozga tayyorgarlik Moskvadagi Biotibbiyot muammolarini o‘rganish instituti bazasida olib boriladi. O‘n ikkita it u yerda turli sharoitlarda sinab ko‘riladi.

Sinov bir necha oy davom etadi. Itlar avvaliga izolyatsiyali va shovqin sharoitida kichik kabinalarda saqlangan. So‘ng avtomat oziqlantirish uskunalaridan vitaminli ovqatlarni yeyishga, datchiklar o‘rnatilgan maxsus kiyimlarni kiyishga o‘rgatilgan.

Itlarga oziq-ovqat va suvga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun maxsus massa ishlab chiqiladi.

Sinov paytida eng qiyin ish itlarni kichik o‘lchamli joyga ko‘niktirish bo‘ladi. Bu uchun ular avval tor metall qutiga joylashtiriladi. Keyin kosmik kema bortiga o‘xshash xonaga o‘tkaziladi.

Muvaffaqiyatsiz parvoz

Itlar sinovdan o‘tkazilar ekan, tez orada ular orasidan ikki juft it yaxshi natijalar ko‘rsata boshlaydi. Bular Belka va Strelka hamda Lisichka va Chayka juftliklari edi.

Lisichka va Chayka
www.forum-conquete-spatiale.fr

Ayniqsa Belka va Strelka laqabli itlar boshqalaridan chidamliroq va abjirroq, qiyin sharoitga tez moslashishi bilan ajralib turadi. Bu itlar o‘sha paytda ikki yarim yoshda bo‘lib, ular bitta juft sifatida tanlangan edi.

Korolyov oqibati nima bilan tugashi noma’lum bo‘lgan sinovda eng yaxshi itlarni yo‘qotishni istamaydi va birinchi parvozda Lisichka va Chayka uchadi.

1960 yil 28 iyulda Boyqo‘ng‘irdan «Sputnik-5-1» kosmik apparati fazoga uchiriladi. Biroq parvozdan 19 soniya o‘tib kosmik kemada nosozlik yuzaga keladi. Oradan yana 20 soniya o‘tgach «Sputnik 5-1» havoda portlab ketadi va itlar halok bo‘lishadi.

Tekshiruvlarda kosmik apparatda nosozlik kuzatilganda itlar joylashgan kapsula undan chiqib ketmagani oydinlashadi. Shundan so‘ng navbatdagi parvozga tayyorlanayotgan «Sputnik-5» apparatida shu narsa mukammallashtiriladi.

Korolyov ikkinchi parvozda uchirish uchun Belka va Strelkani parvozga tayyorlay boshlaydi. Sinovning so‘nggi qismida itlar kosmik kemaning aynan o‘xshash maketida sinovdan o‘tkaziladi.

Belka va Strelka
www.culture.ru

Ular datchiklar o‘rnatilgan maxsus kiyimda germetizatsiya qilingan kameralarga tiqiladi. Itlar u yerda vaznsizlik holatiga moslashishi kerak edi.

Sinovlar paytida itlar bir necha soat davomida shifokorlar va laborantlar nazoratida bo‘lishadi. Maxsus jurnalga ularning holati qayd qilib boriladi.

«Sputnik-5» haqida

«Sputnik-5» kosmik apparati Korolyov boshchiligida Moskva viloyatida joylashgan Kaliningrad shaharchasida Alohida konstruktorlik byurosi tomonidan yasalgan edi.

Kosmik apparat ikki qismdan iborat bo‘lib, u yerda biologik tadqiqotlar uchun jihozlar, tezlik, harorat, shovqin va boshqa narsalarni o‘lchaydigan turli texnik uskunalar joylashgandi. Itlarni katapulta qilish uchun mo‘ljallangan maxsus konteyner ham shu bo‘limda edi.

Belka va Strelka uchgan Sputnik 5
assiette.ru

Ikkinchi bo‘limda itlar uchun idishlar, ularni ovqatlantirish uskunasi, kanalizatsiya moslamasi, havoni almashtirish tizimi, yerga aytib tushgandan so‘ng yo‘nalish haqida xabar beruvchi radiouzatkichlar, televizion kameralar o‘rnatilgan.

Sovet olimlari parvoz davomida bir qator tajribalarni o‘tkazishni maqsad qilishadi. Kosmik kemaga itlardan tashqari maxsus konteynerda 12 ta oddiy sichqon, turli hasharotlar o‘simliklar, qo‘ziqorin, makkajo‘xori, no‘xat, piyoz urug‘lari, ayrim turdagi mikroblar va boshqa biologik obektlar joylanadi.

Bundan tashqari, kabinalarning biriga 28 ta laboratoriya sichqonlari va oq kalamush kiritiladi.

Har ikki kabinada tasvirga oluvchi va ovoz yozish uskunalari ham o‘rnatildi. Kosmik kemaning og‘irligi ba’zi jihozlarsiz 4 600 kilogramm edi.

Parvoz

1960 yil 19 avgust kuni soat 11:44 da ichida Belka va Strelka bo‘lgan kosmik kema Boyqo‘ng‘ir aerodromidan muvaffaqiyatli uchiriladi. Parvozga shaxsan Korolyovning o‘zi rahbarlik qiladi.

Itlar parvozdan ikki soat oldin kosmik kemaga chiqariladi. Parvoz paytida ularning yuragi tez ura boshlaydi. Nafas olishi ham o‘zgaradi. Biroq kosmik kema fazoga chiqqach barchasi normal holatga qaytadi.

Belka va Strelka Sputnik 5 kosmik kemasida
pikolokolo.soup.io

Parvoz vaqtida barcha uskunalar a’lo darajada ishlaydi. Kabinadagi havo harorati, bosimi va namligi belgilangan me’yorlarda bo‘ladi.

Avtomatik oziqlantiruvchi tizim itlarni tortishish kuchi bo‘lgan sharoitda oziq-ovqat va suv bilan ta’minlab turadi. Kabinaga o‘rnatilgan maxsus uskunalar karbonat angidrid va suv bug‘ini yutib kislorod ishlab chiqarib beradi.

Itlarning holatini va ular joylashgan kabinadagi vaziyatni kuzatib turish maqsadida ilk marta televizion tizimdan foydalaniladi. Keyingi tadqiqotlar uchun kemadan uzatilgan tasvirlar kosmik markazda to‘liq yozib olinadi.

Parvoz davomida itlarning yurak urishi, nafas olishi tezligi, qon bosimi, elektrokardiogrammalar, fonokardiogrammalar, harakat faolligi va tana harorati qayd etib boriladi.

Parvoz arafasida sodir bo‘lgan stressni aytmaganda Belka va Strelka fazoda o‘zlarini xotirjam tutishadi. Kosmik kemadagi biroz tebranishlarga qaramasdan itlar ovqatlarini ishtaha bilan yeyishadi.

Yer atrofida to‘rtinchi aylanishdan so‘ng Belka negadir juda bezovta bo‘ladi. Vovullab kamardan bo‘shashga urinadi. Biroq itlar yerga qaytib tushgandan keyin o‘tkazilgan tekshiruvlarda Belkada hech qanday salbiy holat aniqlanmaydi.

Parvozdan bir necha soat o‘tib kosmik kemadagi infraqizil vertikal sensor ishlamay qolgani aniqlanadi. Shu sababli qo‘nish paytida zaxirada bo‘lgan quyosh elektr tizimi ishga tushiriladi.

Parvozdan qariyb 26 soat o‘tib, 1960 yil 20 avgust kuni soat 13:32 da kosmik kemaga Yerga tushish jarayonini boshlash buyrug‘i beriladi.

Tormozli to‘xtash dvigateli ishga tushadi va kema Yer orbitasiga qayta boshlaydi. Oradan biroz o‘tib u Rossiyaning Orenburg va Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyatlari chegarasidagi qishloq yaqiniga tushadi.

Belka va Strelka Yerga qaytib tushgan payti
www.alamy.com

Mutaxassislar kema tushgan joyga yetib kelishganda Belka va Strelka o‘zini yaxshi his etayotganining guvohi bo‘lishadi. Ular fazoda jami 700 ming kilometr masofani uchib o‘tishadi.

Parvoz natijalari

Belka va Strelkani fazoga olib chiqan kosmik kemaning muvaffaqiyatli parvozi kosmosni o‘rganish va tadqiq qilishga ulkan turtki bo‘ldi. Eng muhimi inson ham fazoga parvoz qilishi mumkinligiga ishonch hosil bo‘ldi.

Parvozdan keyin itlar chuqur tekshiruvdan o‘tkaziladi va ularda parvoz vaqtida ro‘y bergan stress hech qanday ta’sir ko‘rsatmagani ma’lum bo‘ladi.

Yer orbitasini aylanish chog‘ida bezovta bo‘lgan Belka ham Yerga qaytib tushganda xotirjam holatda edi. Keyinchalik ham itlarda salbiy o‘zgarish bo‘lmaydi. Hatto Belka bir necha oydan so‘ng oltita kuchukbola tug‘adi.

Itlar bilan o‘tkazilgan tajribada tirik jonning fazodan Yerga xavfsiz qaytib tushish mumkinligi isbotlangach insonning parvoziga ham keng yo‘l ochiladi.

AQShda maymunning uchirilishi

SSSRda itlarning muvaffaqiyatli parvozidan so‘ng AQShliklar ham ishlarni tezlashtirib yuborishadi. Ular sovetlar itlarning parvozidan so‘ng fazoga insonni uchirmoqchi bo‘lishayotganini bilib turishgandi.

AQShliklar 1961 yil 31 yanvar kuni ichida Xem laqabli maymun bo‘lgan «Merkuriy-Redstoun-2» kosmik kemasi Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdan muvaffaqiyatli parvoz qiladi.

AQShliklar fazoga uchirgan Xem laqabli maymun
www.alamy.com

Kema yer sathidan 679 kilometr balandlikkacha chiqadi. Shu paytda uning kabinasida havo bosimi pasayib ketadi. Biroq skafandr kiydirilgan maymunga bu ta’sir qilmaydi.

Vazni 1200 kilogramm bo‘lgan kosmik kema fazoda 16 minut parvoz qiladi va Yerga, Atlantika okeaniga qaytib tushadi. Parvoz vaqtida maymun o‘ziga topshirilgan ishlarni a’lo darajada bajaradi.

Avvaliga Belka va Strelka, so‘ng Xemning muvaffaqiyatli parvozidan so‘ng SSSR hamda AQShda fazoga odam uchirish ishlari tezlashtirib yuboriladi.

Oradan qariyb 8 oy o‘tib, 1961 yil 12 aprel kuni insonning kosmosga ilk parvozi muvaffaqiyatli amalga oshiriladi. Shu tariqa Yuriy Gagarin fazoga uchgan birinchi inson sifatida tarixda qoladi.

Yuriy Gagarin
www.alamy.com

Gagarinning parvozidan so‘ng yana ko‘plab insonlar fazoga parvoz qilishadi. Avvaliga AQShliklar, keyin boshqa davlat fuqarolari kosmosga uchishadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil aprel oyigacha jami 564 nafar odam fazoga uchgan. Ularning 500 nafari erkak, 65 nafari ayol bo‘lgan. So‘nggi yillarda kosmik turizm yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalishda ishlayotgan kompaniyalar juda katta pul evaziga oddiy odamlarni fazoga olib chiqmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid
Top