Politsiya xodimlarining yaqin do‘sti hisoblangan, aqliy va jismoniy jihatdan kuchli politsiya itlari qachondan odamlarga xizmat qila boshlagan. Ularni xizmatga qay holda tayyorlashadi?
Odamlar o‘rta asrlardan buyon itlardan jamoat tartibini saqlash va o‘z boyliklarini qo‘riqlash maqsadida foydalanib kelishgan.
Ammo politsiyada itlardan foydalanishni birinchi bo‘lib 1889 yilda londonlik komissar Charlz Uorren tomonidan yo‘lga qo‘yilgan. O‘sha vaqtda Charlz bir qotilning izidan tushadi va sinov maqsadida 2 ta itni yollaydi. Natija muvaffaqiyatsiz bo‘ladi, yollangan itlardan biri qotilni, emas komissarni tishlab, qochib ketadi.
Keyinchalik itlardan politsiya iti maqsadida foydalanish Belgiya, Avstriya-Vengriya va Germaniya davlatlarida yo‘lga qo‘yiladi. Xizmat itlariga talab kuchayib borar ekan, ko‘plab mamlakatlar itlarni tayyorlash pitomnigi, ya’ni maktablarini ochishadi. Bunday maktabni birinchi bo‘lib 1920 yilda nemis politsiyasi ochadi va unda «nemis ovcharka»larini tarbiyalaydi. Maxsus maktabda itlar muntazam ravishda o‘z ofitserlariga bo‘ysunish, iskab topish, jinoyatchilarni kuzatish va hujum qilish uchun o‘rgatilgan.

Ayni vaqtda politsiya xodimlari bilan yonma-yon turib xizmat vazifasini o‘tayotgan eng mashhur zotdor politsiya itlari — nemis ovcharkasi, sharqiy yevropa ovcharkasi, rus spaniyeli, kavkaz ovcharkasi, belgiya malinoisi, holland cho‘poni va labrador kabilar hisoblanishadi.
Yurtimizda ichki ishlar xodimlari xizmatchi itlar tarbiyalash uchun ayniqsa nemis ovcharkasini tanlashadi. O‘zi O‘zbekistonda xizmatchi itlarni xizmatga tayyorlaydigan pitomniklar qay ahvolda? U yerda itlarni xizmatga qay holda tayyorlashadi?
Mana shu kabi savollarga javob olish maqsadida biz Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi, kinologiya xizmati xizmat itlari pitomnigiga bordik.

Ichkariga kirib borar ekanmiz, qafas ichidagi itlarning tinmasdan hurishi bizni ozgina cho‘chitdi. Mas’ul xodimlardan nega bular hurayapti deb so‘raganimizda, ular «itlar begona insonni hididan tezda aniqlab oladi», deb javob berishdi.










