09:50 / 13.03.2023
4548

Isroilda yuz minglab odamlar sudlar islohotiga qarshi namoyishga chiqdi

Tashkilotchilarga ko‘ra, Benyamin Netanyaxu hukumati va uning sud islohotidan norozi bo‘lganlar soni yarim millionga yaqin kishini tashkil qilgan. Tel-Avivda 200 mingga yaqin odam norozilik namoyishiga chiqdi.

Foto: Gili Yaari /Flash90

11 mart, shanba kuni yuz minglab isroilliklar bosh vazir Benyamin Netanyaxu hukumati va uning sud-huquq tizimidagi bahsli islohotiga qarshi yana namoyishga chiqdi. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi shaharlarda rekord darajadagi ishtirokchilar qayd etilgan.

Faqat Tel-Avivdagi tadbirlarda 200 mingga yaqin, Hayfada 50 mingga yaqin kishi qatnashgan. Mitinglar Quddus, Bersheba, Eylat va boshqa bir qator shaharlarda ham bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilarga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab jami yarim millionga yaqin odam norozilik namoyishiga chiqqan.

Namoyishlar ko‘lamiga qaramay, namoyishlar politsiya bilan katta to‘qnashuvlarsiz o‘tdi. Tel-Avivda avtomagistralni to‘smoqchi bo‘lgan bir necha namoyishchi qo‘lga olindi.

Yanvar oyi boshidan beri Isroilni ommaviy norozilik namoyishlari qamrab oldi - bu ekspertlar mamlakat tarixidagi eng o‘ng qanot deb ataydigan Benyamin Netanyaxu boshchiligidagi yangi hukumat ishlay boshlaganidan so‘ng sodir bo‘ldi. Netanyaxu bir yarim yillik muxolifatdan so‘ng boshqaruvni o‘z qo‘liga oldi. U o‘ta o‘ng partiyalarning ko‘magiga tayanadi.

Adliya vazirligi rahbari Yariv Levin tomonidan taklif etilgan sud-huquq islohoti yangi Vazirlar Mahkamasining eng jarangdor tashabbuslaridan biri bo‘ldi. Yangilik Vazirlar Mahkamasining Oliy sud sudyalarini tanlash bo‘yicha vakolatlarini kengaytirishi va ushbu sud organining vakolatlarini qonunlarga veto qo‘yish bilan cheklashi kerak.

Knesset – Isroil parlamenti tegishli qonun loyihasini 20 fevral kuni birinchi o‘qishda ma’qulladi. Bahsli islohotning asosiy elementlari kelasi hafta parlamentda yakuniy o‘qishda ko‘rib chiqilishi mumkin, deya xabar beradi Isroil OAV.

Top