11:01 / 14.03.2023
36946

AQShda o‘zbekistonlik Sayfullo Soyipov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

O‘zbekiston fuqarosi, Nyu-York shahrida terakt uyushtirgan Sayfullo Soyipov shartli ravishda ozod etish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. U 2017 yilda yuk mashinasida 8 kishini bosib ketgan va o‘nlab odamlarni jiddiy jarohatlagandi.

Foto: HANDOUT

AQShning Nyu-York shahrida 2017 yil 31 oktyabr kuni terakt amalga oshirib, 8 kishini o‘ldirgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soyipov 13 mart kuni AQSh federal sudi tomonidan umrbod ozodlikdan mahrum qilindi. 

Prokuratura aybdor deb topilgan Soyipovga o‘lim jazosi talab qilgandi, ammo bunday hukm faqatgina jyuri a’zolarining yakdil qarori bilan qabul qilinishi mumkin, AQSh federal sudida esa bunday qarorga kelinmadi.

Sayfulla Soyipov 1988 yil 8 fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2005 yilda kasb-hunar kollejini tamomlagan, 2005−2009 yillarda Toshkent moliya institutida ta’lim olgan. OTMni tamomlaganidan so‘ng poytaxtdagi «Sayohat» mehmonxonasida hisobchi bo‘lib ishlagan. 

U Qo‘shma Shtatlarga 2010 yilda grin-karta orqali borgan. 2017 yil 31 oktyabrida u kichik yuk mashinasini ijaraga oladi va velosipedlar harakatlanadigan yo‘lakka bostirib kiradi. Uning qurboniga aylangan sakkiz kishi orasida Argentinadan kelgan besh kishi bo‘lgan, yana 12 kishi tan jarohati olgan. Soyipovni uning qorniga o‘q uzgan politsiyachi to‘xtatadi.

Soyipov IShID nomidan harakatlanganini tan olgan va o‘zini ushbu guruh «askari» deb atagan. (U AQShga ketguniga qadar jinoiy javobgarlikka tortilmagan va huquqni muhofaza qilish organlari e’tiboriga tushmagan).

U 2021 yil yanvar oyida bir necha qotillik va terrorizmda ayblanib, sud qilinadi. Prokuratura unga o‘lim jazosi so‘raydi.

Sud Jo Bayden prezidentligi davridagi prokurorlar o‘lim jazosi talab qilgan ilk federal sud jarayoni edi.

Bayden o‘lim jazosiga qarshi chiqadi, 2021 yil iyulida AQSh bosh prokurori Merrik Garland federal ishlar bo‘yicha o‘lim jazosiga moratoriy e’lon qiladi.

Prokurorlar o‘lim jazosi talab qilgani shuni anglatadiki, adliya vazirligi o‘lim jazosi qo‘llanishiga rozi bo‘lishini anglatadi – ammo faqat terrorizm bo‘yicha ishlarda.

Hakamlar Soyipovni aybdor deb topishadi, ammo Nyu-Yorkdagi qonunlarga ko‘ra u o‘limga hukm etilishi uchun jyurining barcha 12 a’zosi bunga qo‘shilishi talab etilardi – bunga esa erishilmadi. Nyu-York shtatida oliy jazo 1953 yildan beri qo‘llanmagan.

Sayfullo Soyipov umrining qolgan qismini Kolorado shtatidagi maksimal darajada qat’iy rejimdagi ADX Florence federal qamoqxonasida o‘tkazadi. 2013 yil aprelida Boston marafonida portlashlar uyushtirishda ayblanib, o‘limga hukm qilingan Johar Tsarnayev ham shu qamoqxonada saqlanmoqda. 

Mavzuga oid
Top