08:11 / 15.03.2023
7697

Aliyev: Ozarboyjon - Yevropaga energiya yetkazib beruvchi ishonchli davlat

Ozarboyjon Yevropaga nafaqat gaz, balki «yashil» energiya ham eksport qiladi, dedi prezident Ilhom Aliyev Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvdan keyin.

Foto: AP

Ozarboyjon o‘zini Germaniya va Yevropaga gaz hamda qayta tiklanadigan energiya manbalari yetkazib beruvchisi sifatida taklif etyapti. «Ozarboyjon - Yevropa uchun ishonchli hamkor», dedi prezident Ilhom Aliyev 14 mart, seshanba kuni Berlinda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvdan so‘ng.

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Yevropaga yetkazib beriladigan gaz hajmi 2027 yilga borib bu yilgi 12 milliard kub metrdan 20 milliard kub metrga ko‘tariladi. Bundan tashqari, Ozarboyjon qayta tiklanadigan energiya manbalarining juda katta salohiyatiga ega. Faqat Kaspiy dengizining shamol energiyasi salohiyati 157 gigavattni tashkil etadi, dedi Ilhom Aliyev. U o‘z mamlakati Yevropani nafaqat tabiiy gaz, balki «yashil» energiya bilan ham ta’minlashiga ishonch bildirdi.

Olaf Shols, o‘z navbatida, Ozarboyjon bilan energetika sohasida yanada faol hamkorlik qilishga chaqirdi. «Mamlakat Germaniya va Yevropa energiya ta’minotini diversifikatsiya qilishga muhim hissa qo‘shish imkoniyatiga ega», dedi kansler neft va gaz zaxiralari bilan bir qatorda, qayta tiklanadigan energiya manbalariga to‘xtalib.

Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqinidan so‘ng Yevropaning kamida o‘nta davlati Ozarboyjondan gaz yetkazib berishga qiziqish bildirgan, deydi Aliyev. Hozirgacha asosiy xaridorlar Turkiya, Gurjiston, Italiya va Gretsiya bo‘lgan. Tez orada gaz Ruminiya, Albaniya va Vengriyaga ham yetkazib berilishi kutilmoqda. «Albatta, uzoq muddatli shartnomalar imzolanishi kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid
Top