18:29 / 15.03.2023
22429

«G‘alabaga intilayotganimizni ko‘rmayapman». Politico - «AQSh ma’muriyatida Ukrainani qo‘llashdagi bo‘linish» haqida

Bayden va Zelenskiy Vashingtonda, 2022 yil dekabr / Alex Wong / Getty Images

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinining bir yili o‘tganidan keyin Kiyev va uning asosiy ittifoqchisi Vashington o‘rtasida urush maqsadlari va harbiy harakatlarni yakunlash muddati bo‘yicha masalalarda tobora ko‘proq ziddiyat yuzaga kelmoqda. Bu haqda Politico nashri yozmoqda.

Jurnalistlarga ko‘ra, AQShda endi Ukrainani uzoq muddat qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik darajasi urushning ilk davrida bo‘lganidek emas. Bu haqda xususan Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti ham aytib o‘tdi. Kongress quyi palatasining xorijiy ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Maykl Makkol esa AQSh ma’muriyatida Ukrainadagi urush masalasida aniq maqsad mavjud emasligini ma’lum qilgan.

«Balki, ular mojaroni uzaytirmoqchidir? Vladimir Putin ham xuddi shunga intilmoqda. Ukrainlarga omon qolish uchun yetarli bo‘lgan, ammo g‘alaba qozonish uchun yetarli bo‘lmagan [resurslar] berish to‘g‘rimi? Men biz g‘alaba sari intilayotganimizni ko‘rmayapman. Agar maqsad g‘alaba bo‘lmasa, biz unda nima qilyapmiz?» — deya savol qo‘yadi Makkol.

Politico nashri yozishicha, amerikalik mulozimlar orasida Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berilishi masalasidagi e’tiroz ancha oldinroq kuchaya boshlagan. Oq uyning ikki xodimi jurnalistlarga, AQSh prezidenti ma’muriyatidagilar Kiyevning murakkab vaziyatini to‘g‘ri tushunishi, ammo ayrim xodimlar Ukraina rahbariyatining doimiy ravishda yordam so‘rashidan va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan «yetarli darajada minnatdorchilik» bildirilmaganidan norozi bo‘lishgan.

Kongressmen Maykl Makkol qayd etishicha, amerikalik mulozimlar Ukrainaga qanday qurollar yetkazib berish masalasida yakdil emas. «Men chindan ma’muriyatda bo‘linish bor deb o‘ylayman. Milliy xavfsizlik kengashi bu borada ikkiga ajralgan», — degan u.

Politico nashrining yozishicha, kelishmovchilikning yana bir sababi Baxmut shahri mudofaasi bo‘lgan — ukrainlarning ushbu shahri uchun janglar 2022 yil yozidan buyon davom etmoqda. Ukraina harbiylari Baxmut mudofaasi mamlakat qurolli kuchlari Rossiya armiyasini holdan toydirish va zaxira kuchlarni tayyorlashga vaqtdan yutish uchun zarur deb hisoblashadi. AQShdagilar esa bu janglarda ko‘p sonli askarlar halok bo‘lishi va o‘q-dori bemisl darajada sarflanishi yakunda Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumga o‘tish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Politico shuningdek The New York Times nashrida yaqinda Amerika razvedkasi «Shimoliy oqim»dagi portlashlar ortida qandaydir «Ukraina taraf guruh» turgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilayotgani haqida chiqqan materialni eslatib o‘tgan. Maqolada razvedkada Ukraina rahbariyatining bu hodisaga aloqadorligi borasida ma’lumotlar yo‘qligi qayd etilgan. Volodimir Zelenskiy NYT maqolasiga munosabat bildirib, Ukraina o‘sha portlashlarga aloqador emasligini ta’kidladi. Shunga qaramay, Politico Kiyev va Vashington o‘rtasidagi ehtimoliy kelishmovchiliklarga yana bir misol sifatida bu maqolaga e’tibor qaratgan.

Kelishmovchilikning yana bir sababi — Pentagon Haagadagi Xalqaro jinoiy sudga rossiyaliklarning Ukrainadagi harbiy jinoyatlari faktlarini tasdiqlovchi Amerika razvedkasi ma’lumotlarini topshirishdan bosh tortishidir. The New York Times nashri yozishicha, AQSh mudofaa vazirligi bunday hamkorlik sud kelajakda amerikaliklarni ham jinoiy javobgarlikka tortishi mumkin bo‘lgan pretsedent yaratishi mumkinligidan xavotirda.

Shu bilan birga, ko‘plab ekspertlar AQSh va Ukraina o‘rtasida keng ko‘lamli urushning bir yilidan keyin jiddiy tushunmovchilik yuzaga kelgani haqidagi qarashlarga qo‘shilmaydi. Atlantika kengashi markazi Yevrosiyo markazi direktori Shelbi Megid shunday degan:

«Men qarashlardagi kichik farqlarni ko‘raman, ammo bunday farqlar fevraldagi bosqinga qadar ham, undan keyin ham bor edi. Zelenskiy avval ham AQSh manziliga qaratilgan keskin fikrlar bildirgan, Oq uy esa unga qo‘shilmasligini bildirgan — omma oldida ham, xususiy tartibda ham — ammo bu AQShning umumiy qo‘llab-quvvatlashi va hamkorligini o‘zgartirmagan ham, buzmagan ham».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top