10:39 / 15.03.2023
4499

O‘zbekiston va Turkiya Jizzaxda bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish masalasini muhokama qilyapti

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov kecha Turkiyaning Chengiz Enerji kompaniyasi ijrochi direktori Ahmet Cengiz bilan uchrashdi.

Foto: Dunyo

Tomonlar muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qo‘shma loyihalar natijasida erishilgan yutuqlarni hamda mamlakat energetika sohasini rivojlantirishda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi. 2022 yil iyun oyida Toshkent viloyatida 240 MVt va Sirdaryo viloyatida 220 MVt quvvatga ega zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyalari ishga tushirilganligi qayd etildi.

Turkiya kompaniyasi rahbari birgalikda va hamjihatlikda olib borilgan ishlarning muvaffaqiyatini ta’kidlab, kompaniya elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasidagi investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Jizzax viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini ishga tushirish loyihasi taklif etildi. Ushbu tashabbus yiliga 286 million kub metr gazni tejash imkonini beradi, bu esa pulga hisoblaganda 103 million dollarga teng.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar yangi loyihani amalga oshirish maqsadida kelgusidagi hamkorlik formati bo‘yicha kelishib oldilar.

Top