10:13 / 18.03.2023
6232

Jo Bayden: Putin harbiy jinoyatlarni sodir etgani aniq

AQSh prezidenti Putinning harbiy jinoyatlarda «aniq» aybdor ekanligini va Xalqaro jinoiy sudning uni hibsga olish haqidagi orderi asosli ekanini aytdi. Baydenning qo‘shimcha qilishicha, Xalqaro jinoiy sud qarorlari AQSh hududida majburiy emas.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden 17 mart, juma kuni Vladimir Putin «urush jinoyatlarini aniq sodir etgani» va Haagadagi Xalqaro jinoiy sud tomonidan hibsga olish uchun order berilgani asosli ekanini aytdi. «Biroq, muammo shundaki, bu butun dunyoda, jumladan bizda ham tan olinmaydi. Lekin menimcha, bu juda kuchli bayonot», - deya Baydenning so‘zlarini keltiradi Reuters.

Xalqaro jinoiy sudning qarorlari uni 1998 yilda tashkil etgan xalqaro shartnoma - Rim statutini imzolagan davlatlar uchun majburiydir. Gap 123 ta davlat, jumladan Yevropaning barcha mamlakatlari, Janubiy Amerika, shuningdek, Tojikiston, Janubiy Afrika, Afg‘oniston, Markaziy Afrika Respublikasi va Nigeriya haqida bormoqda. Biroq, ular orasida Qo‘shma Shtatlar ham, Rossiya ham yo‘q.

AQSh Milliy xavfsizlik Kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi o‘sha kuni kechqurun CNN telekanalida nutq so‘zlab, Putin AQShga kelgan taqdirda XJS orderi bo‘yicha hibsga olinadimi, degan savolga javob berishdan bosh tortdi. Kirbi Rossiya prezidentining bunday tashrifini «ehtimoli kam» deb hisoblashini aytdi.

Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order bergani haqida 17 mart, juma kuni XJS saytida xabar berilgan. Sud Rossiya prezidentini harbiy jinoyatlarda, xususan, Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportatsiya qilishda gumon qilmoqda. Putin «ushbu jinoyatlar uchun bevosita, boshqa shaxslar bilan birgalikda yoki boshqa shaxslar orqali, shuningdek, ushbu harakatlarni sodir etgan fuqarolik va harbiy xizmatchilar ustidan tegishli nazoratni amalga oshirmagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin», deyiladi xabarda.

Xuddi shunday hibsga olish orderi Rossiya prezidenti huzuridagi Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan ham chiqarilgan. XJS qarorida aytilishicha, Haaga sudi «u yuqoridagi jinoyatlar uchun shaxsan jinoiy javobgarlikka tortilish uchun yetarli asoslarga ega, chunki u bu qilmishlarni bevosita, boshqa shaxslar bilan birgalikda va/yoki boshqa shaxslar orqali sodir etgan».

Xalqaro jinoiy sud qarori Bryussel va Kiyevda olqishlandi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fuqarolarga kechki videomurojaatida Putinning hibsga olinishi haqidagi orderni «tarixiy qaror, bundan tarixiy javobgarlik boshlanadi» deb atadi. Ayni paytda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya prezidenti u uchun persona non grata emasligini va haligacha Putin bilan muhim masalalarni hal qilish uchun gaplashishga tayyorligini aytdi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putinni hibsga olish uchun XJS orderining chiqarilishini g‘azablantiruvchi, qarorning o‘zini esa ahamiyatsiz, deb atadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top