“Navoiyuran” davlat korxonasida Navro‘z sayillari o‘tkazildi
“Navoiyuran” davlat korxonasi tarkibiy bo‘linmalarida Navro‘z sayillari o‘tkazildi. Bayram munosabati bilan korxonada “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Korxona boshqarmasi va Uran ishlab chiqarish zavodi ishchi-xodimlari ishtirokida tashkil etilgan bayramona tadbir jamoa ahliga bahoriy kayfiyat ulashdi. Boshqarmada ayyomni munosib nishonlash uchun katta tayyorgarlik ko‘rildi. Korxona hududida keng ko‘lamdagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Bayramga tashrif buyurgan korxona rahbari Jahongir Hasanov tadbir qatnashchilarini bayram bilan tabrikladi.
“Farhod” madaniyat saroyining badiiy jamoalari va xonandalari tomonidan ijro etilgan bahor, yoshlik va Navro‘zni madh etuvchi kuy-qo‘shiq va raqslar hamda folklor guruhining chiqishlari barchaga birdek quvonch ulashdi.
Bayram munosabati bilan boshqarma bo‘limlari va Uran ishlab chiqarish zavodi ishchi-xodimlari o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha musobaqa ham tashkil etildi.
Zafarobodda katta bayram sayli
“Navoiyuran” davlat korxonasining asosiy bo‘linmasi joylashgan Zafarobod qo‘rg‘onida ham bayram nishonlandi. Korxona yangi tuzilma sifatida joriy yilda o‘zining ikkinchi bahorini qarshi oldi. O‘tgan yilgi an’anani davom ettirgan holda bu yil ham Navro‘z bayramini korxonaning ko‘p ming sonli jamoasi, qolaversa, Zafarobod qo‘rg‘oni ahli katta bayram sayli ko‘rinishida nishonlashdi. Bayram sayillari korxonaning Navoiy, Zafarobod, Uchquduq, Nurobod maydonlari mehnat jamoasi tomonidan tayyorlandi.
Xususan, bayram saylida milliy hunarmandchilik va pazandachilik pavilonlari, yarmarkalar, shuningdek, gala-konsert, dorbozlar o‘yini, milliy sport o‘yinlari tashkil etildi. Korxona bo‘linmalari o‘rtasida turli xil tanlovlar o‘tkazildi. Tadbirga taniqli xonandalar, jamoat arboblari taklif etildi.
Bahor elchisi, milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni o‘zida mujassam etgan bayram oldidan “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan katta tayyorgarlik ishlari olib borildi.
Bayram dasturidan o‘rin olgan mushoiralar, turli musobaqalar, ko‘rgazmali chiqishlar yig‘ilganlarga ham, tanlov hakamlar hay’atiga ham birdek manzur bo‘ldi.
Yakunda “Navro‘z” umumxalq bayramiga bag‘ishlangan “Umumxalq saylini tashkil etish bo‘yicha eng yaxshi bo‘linma” tanlovi eng kuchli 3 ta jamoasi hamda "Eng yaxshi dasturxon", "Eng yaxshi milliy liboslar", "Eng yaxshi innovatsion g‘oya", "Eng yaxshi milliy urf-odatlar", "Eng yaxshi taqdimot", "Eng yaxshi tashkilotchi" kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, korxona rahbariyati va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, NKMK Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan tashkil etilgan “Mehnat muhofazasi bo‘yicha eng yaxshi jamoatchilik vakili” hamda “Ishlarning eng yaxshi tashkilotchisi, qonun va qoidalar bilimdoni” tanlovlari g‘oliblari munosib rag‘batlantirildi.
Navro‘z saylida konchi va geologlar bir davraga jam bo‘ldi
Joriy yilning 19 mart kuni Navoiy shahridagi "So‘g‘diyona" o‘yingohida "NKMK" AJ, “Navoiyuran” DK, "NKMK jamg‘armasi" DM ishchi-xodimlari ishtirokida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan Navro‘z sayli bo‘lib o‘tdi.
Ushbu bayram saylida "Navoiyuran" DK mehnat jamoasi tomonidan maxsus pavilon tashkil etilib, "Yoshlik" madaniyat saroyi folklor-etnografik jamoasining chiqishlari, milliy taomlar va liboslar ko‘rgazmalari, innovatsion ishlanma va ratsionalizatorlik takliflari namoyish etildi.
Navro‘z saylida “Umumxalq saylini tashkil qilish bo‘yicha eng yaxshi bo‘linma” tanlovi ham bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning natijalariga ko‘ra, ishchi-xodimlari 500 kishidan ortiq bo‘lgan guruhda "Navoiyuran" davlat korxonasi GRAN-PRI sohibi bo‘ldi.
Mehnat faxriylari va nuroniylarga ehtirom ko‘rsatildi
Karmana tumanidagi "Oqshom" tantanalar maskanida, Uchquduq tumanidagi "Oazis" restorani, Nurobod shahridagi "Diydor" to‘yxonasi hamda Zarafshon shahridagi "Yevroaziya" restoranida bo‘lib o‘tgan tadbirlarda ham konchilik va metallurgiya hamda uran sanoati sohasida ko‘p yillar mehnat faoliyatini olib borgan bir guruh pensiyadagi faxriylar taklif etilib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatildi, doshqozonlarga osh damlanib, bayramona dasturxon bezatildi.
“NKMK” AJ, “Navoiyuran” DK va “NKMK jamg‘armasi” DM mehnat faxriylarining tajribalari doimo yoshlarga namuna maktabi bo‘lib kelgani, ularning fidoyilik bilan soha rivoji yo‘lida olib borgan ishlari sabab ko‘plab yutuqlarga erishilgani e’tirof etildi.
Ijtimoiy himoya korxona strategik maqsadlarining asosi
“Navoiyuran” davlat korxonasining asosiy boyligi bo‘lgan ishchi-xodimlarni, mehnat faxriylarini ijtimoiy himoya qilish birinchi darajali vazifasidir. Navro‘z bayrami munosabati bilan korxona rahbariyati va 6-Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muxtoj ishchi xodimlar va pensionerlarga bayram kayfiyati ulashish maqsadida ularning xonadonlariga borilib, holidan xabar olindi va oziq-ovqat to‘plamlari yetkazildi.
Shuningdek, barcha tarkibiy bo‘linmalar, geotexnologik konlar, sex va zavodlarda bayram konsert dasturlari namoyish etilib, bayram dasturxoni yozildi hamda osh tortildi. Ularga ishchi-xodimlar taklif etilib, bayram bilan qutlandi.
Mavzuga oid
17:00 / 23.11.2024
"Navoiyuran" davlat korxonasi xalqaro kredit reytingiga ega bo‘ldi
19:00 / 30.07.2024
“Navoiyuran” DKning IFRS moliyaviy hisobotlariga “Katta to‘rtlik” auditorlari ijobiy xulosa berdi
19:00 / 10.07.2024
“Navoiyuran” davlat korxonasida “qora slanets” konlarining 3D modellari yaratiladi
19:00 / 24.05.2024