19:19 / 21.03.2023
24390

Ukrainalik dengizchilar Tinch okeanida halokatga uchragan Rossiya trimaraniga yordam berdi

Russian Ocean Way ekipaji, 2023 yil fevral

Ukrainalik dengizchilar dunyo bo‘ylab sayohatga chiqqan va Tinch okeanida halokatga uchragan Rossiyaning Russian Ocean Way trimaran kemasi ekipajini qutqarib qoldi.

Kema 2021 yil iyul oyida Kronshtadt shahridan dengizga chiqqan va shundan beri 13 ming dengiz mili masofasini bosib o‘tgan, jumladan, 13 davlat qirg‘og‘i bo‘ylab sayohat qilgan edi.

2023 yil fevral oyi oxirida trimaran Chilining Talkaxuano portini tark etadi va mart oyi o‘rtalarida bo‘ronga duch keladi. Shundan so‘ng kema ekipaji boshqaruv mexanizmi jiddiy buzilganini aniqlaydi. Nosozlikni bartaraf etib bo‘lmasligi oydinlashgach, ekipaj avariya signali yo‘llaydi. Unga Sounion Ukraina-Filippin yuk kemasi javob qaytarib, yordamga keldi.

Trimaranni qidirish besh soat davom etdi. Kuchli to‘lqin tufayli rossiyaliklarni qutqarish, kema bortiga olib chiqish uchun yana bir necha soat sarflandi.

«Trimaran taxminan uch metrlik to‘lqinlarda chayqalar edi. Kemadan tushgan zinapoyaga chiqish uchun trimaranni yon tomonga olib kelish kerak edi. Zinaga sakrab, uni ushlab olish uchun bir soniyadan kamroq vaqt talab etilardi. So‘ngra kema yuqoriga ko‘tarilar, trimaran esa dengizga chekinardi», dedi rossiyaliklar kapitani Stanislav Beryozkin.

Stanislav Beryozkin

Russian Ocean Way ekipaji yuk kemasi bortiga chiqib olgach, Sounion rus buksir kemasini yordamga chaqiradi. Shunda rossiyaliklar o‘zlarini ukrainaliklar qutqarganini anglashadi.

«Men hech qanday irq va millat bo‘lmagan, qaysi tilda gaplashishdan, teri rangi va ko‘z shakli qanday bo‘lishidan qat’i nazar yordam beriladigan joyda ekanimni his qildim. Dengizda biz hammamiz Xudodan bir xil – qo‘l uzunligidagi masofadamiz», dedi Beryozkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ekipaji bilan suhbatda u Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushini muhokama qilmaslikka harakat etgan. Sounion kapitani asli Mariupoldan bo‘lgan, ammo keng ko‘lamli urush boshlangandan so‘ng, rus harbiylari shaharni qamal qilganda, u Kiyevga ketishga majbur bo‘lgan.

Sounion kapitani va jamoasi qutqarib olinganlar bilan. Foto: Sibir.Realii

«Biz hech kimdan hech narsa haqida so‘ramadik. Bu yomon mavzu», deb tushuntirdi Beryozkin.

Sounion kapitani jurnalistlardan maqolada ismi-sharifini kiritmaslikni so‘ragan.

Top